Logo

O'zbekiston va Kuvayt ommaviy axborot vositalari o'rtasida hamkorlik yo'lga qo'yiladi

Avgust 16, 2025. 11:25 • 49 soniya

48
O'zbekiston va Kuvayt ommaviy axborot vositalari o'rtasida hamkorlik yo'lga qo'yiladi

AL-KUVAYT, 16-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Kuvaytning yetakchi "Al-Seyassah" va "Arab Times" gazetalari bosh muharriri Ahmad Jarulloh bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, eksport va turizm salohiyatini Kuvayt ommaviy axborot vositalari orqali keng targ'ib qilish masalalari muhokama qilindi.

Bosh muharrir Ahmad Jarulloh O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi do'stona munosabatlarni e'tirof etgan holda, o'zaro hamjihatlikni mustahkamlash va madaniy hamkorlikni yana-da kengaytirishda ommaviy axborot vositalarining muhim o'rnini alohida ta'kidladi.  "Ommaviy axborot vositalari odamlar o'rtasidagi muloqot ko'prigidir. Biz haqiqiy voqelikni yoritib berish bo'yicha ochiq platforma bo'lishga intilamiz", dedi u.

Tomonlar O'zbekiston va Kuvayt ommaviy axborot vositalari hamkorligini yo'lga qo'yish xususida fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida Kuvaytning mazkur bosma nashrlari bilan hamkorlikni davom ettirish va ikki davlat o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga hissa qo'shadigan tadbirlarni keng yoritishga kelishib olindi.

Ta'kidlash joizki, Al-Seyassah" va "Arab Times" gazetalari O'zbekiston elchisi va bosh muharrir Ahmad Jarulloh bilan bo'lib o'tgan uchrashuvni keng yoritdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish