Logo

Islomobodda O'zbekiston va Pokiston o'rtasida diniy-ma'rifiy sohadagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Avgust 30, 2025. 15:10 • 2 daq

145
Islomobodda O'zbekiston va Pokiston o'rtasida diniy-ma'rifiy sohadagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

ISLOMOBOD, 30-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston din ishlari va konfessiyalararo totuvlik vaziri Sardar Muhammad Yusaf bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot davomida ikki mamlakatda diniy sohada davlat siyosatini amalga oshiruvchi tashkilotlar o'rtasida hamkorlikni rivojlantirish, diniy ta'lim muassasalari o'rtasida talabalar va professor-o'qituvchilar almashinuvi dasturlarini yo'lga qo'yish, yoshlarning ekstremistik g'oyalar ta'siriga tushishining oldini olish bo'yicha tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.


Mamlakatimiz elchisi O'zbekistonda so'nggi yillarda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, e'tiqod va vijdon erkinligi, dindorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, diniy-ma'rifiy sohada malakali kadrlarni tayyorlash bo'yicha yaratilgan tizim haqida so'zlab berdi. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Mir Arab oliy madrasasi hamda Hadis ilmi maktabi kabi muassasalarning faoliyatiga to'xtalib o'tildi.


Vazir Sardar Muhammad Yusaf O'zbekiston va Pokistonni azaliy do'stlik rishtalari, umumiy tarix va mushtarak qadriyatlar birlashtirishini ta'kidladi. U, shuningdek, O'zbekistonning jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatida ilm-fan va ma'rifat rivojiga qo'shgan hissasini e'tirof etdi hamda pokistonliklar uchun Boburiylar sulolasi yurti sifatida alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.


Tomonlar diniy-ma'rifiy sohada vakolatli tashkilotlar o'rtasida o'zaro tajriba almashish, diniy ta'lim muassasalari o'rtasida akademik hamkorlik haqida memorandum imzolash va qo'shma tadqiqotlar olib borish, olimlar ishtirokida ilmiy konferensiyalar, seminarlar va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, turli sohalar bo'yicha fatvo chiqarish tajribasini o'rganish, pokistonlik ziyoratchilar uchun "Umra Plyus" dasturi doirasida O'zbekistondagi muqaddas qadamjolarga ziyoratlarni yo'lga qo'yish yo'nalishlarida hamkorlik istiqbollarini ko'rib chiqdilar.


Suhbat yakunida nufuzli pokistonlik ulamolar delegatsiyasining O'zbekistonga safarini tashkilga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish