Logo

Varshavada "O'zbekiston do'stlari klubi"ning polshalik a'zolari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

May 31, 2024. 14:07 • 2 daq

115
Varshavada "O'zbekiston do'stlari klubi"ning polshalik a'zolari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

VARSHAVA, 31-may. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Polshaning yetakchi oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijiy talabalar – "O'zbekiston do'stlari klubi" a'zolari bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Varshava iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda "Action Diplomacy" loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbir Yangi O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatini namoyish qilishga bag'ishlandi.

Yig'ilganlarga "O'zbekiston - 2030" strategiyasining mazmun-mohiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli va ortga qaytmas islohotlar, o'zbek-polyak hamkorligi holati va istiqbollari to'g'risida batafsil ma'lumot berildi. So'nggi yillarda Markaziy Osiyoda yaxshi qo'shnichilik va ishonch muhiti kuchayib, integratsiya chuqurlashayotgani, shuningdek, Afg'oniston zaminida tinchlik va osoyishtalik o'rnatish bo'yicha olib borilayotgan sa'y-harakatlar alohida ta'kidlandi.

Anjuman ishtirokchilari joriy yil mart oyidan boshlab yo'lga qo'yilgan "Varshava-Toshkent-Varshava" yo'nalishidagi to'g'ridan-to'g'ri muntazam aviaqatnovlar ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy va turizm aloqalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirishdi.

Varshava iqtisodiyot universiteti talabasi, "Action Diplomacy" loyihasi koordinatori Marta Xirsh:

— O'zbekistonning Varshavadagi elchixonasida mazmunli va qiziqarli anjuman o'tkazdik. Men ikkinchi marotaba O'zbekiston elchisi bilan uchrashish sharafiga muyassar bo'ldim.

Biz polshalik talabalar uchun O'zbekiston elchisi bilan uchrashish, shuningdek, mamlakatingiz iqtisodiyoti va unga kiritilayotgan sarmoyalar haqida chuqur ma'lumot olish juda muhim ahamiyat kasb etadi. Misol uchun, joriy yilning may oyida o'tkazilgan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi natijalari to'g'risida batafsil ma'lumot oldik. Bu ham juda muhim, chunki O'zbekiston Polshada tobora ko'proq tanilib bormoqda.

Varshava universiteti talabasi Emiliya Kunsevich:

—O'zbekistonning Polshadagi elchixonasida yuqori darajada tashkil etilgan tadbirda qatnashish imkoniga ega bo'lganimdan juda mamnunman. O'zbekiston va o'zbek xalqi haqida juda qiziqarli ma'lumotlar bilib oldim. Bu biz uchun juda manfaatli loyiha bo'ldi. Kelajakdagi faoliyatim davomida O'zbekiston bilan o'zaro yaqin aloqalarni yanada rivojlantirishga hissa qo'shishga harakat qilaman.

Varshava iqtisodiyot universiteti talabasi Piotr Sosna:

— O'zbekiston diplomatik vakolatxonasi bilan tanishuv biz uchun katta tajriba bo'ldi. Ajoyib tarzda tayyorlangan o'zbek milliy taomi palov va shirinliklarni tatib ko'rdim. O'zimni xuddi O'zbekistonda bo'lgandek his qildim. Mamlakatning iqtisodiy va turizm salohiyati to'g'risidagi ko'plab qiziqarli ma'lumotlar bilan ham tanishdik.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish