Logo

Parij shahrida O'zbekiston fuqarolik jamiyati tashkilotlari delegatsiyasi ishtirokida davra suhbati bo'lib o'tdi

Aprel 18, 2025. 11:51 • 3 daq

96
Parij shahrida O'zbekiston fuqarolik jamiyati tashkilotlari delegatsiyasi ishtirokida davra suhbati bo'lib o'tdi

PARIJ, 21-aprel. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasida O'zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish bo'yicha "O'zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Fransiya ekspert doiralari vakillari O'zbekistonda shaffof demokratik jamiyat yaratishga qaratilgan keng ko'lamli siyosiy islohotlar bilan tanishtirildi.

O'zbekiston elchisi Nodir G'aniyev o'z nutqida, mamlakatimiz fuqarolik jamiyati tashkilotlari delegatsiyasining tashrifi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tarixiy davlat tashrifidan so'ng darhol ro'y berayotgani, bu tashrif davomida mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko'tarilganini alohida ta'kidladi. Elchixonada bo'lib o'tgan tadbir O'zbekistonning so'nggi yillarda barcha sohalarda, xususan, demokratik va ijtimoiy rivojlanish sohasidagi yutuqlarini taqdim etish, siyosiy muloqot va gumanitar almashinuvlarni chuqurlashtirishga alohida e'tibor qaratgan holda o'zbek-fransuz munosabatlarining istiqbolli yo'nalishlarini tahlil qilish hamda ekspert va tahliliy markazlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlik yo'llarini aniqlash uchun yaxshi imkoniyat yaratadi.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori, O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev mamlakatimizda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish chora-tadbirlarini o'z ichiga olgan "O'zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma'lumot berdi.

Mamlakatimizda 2021-2025 yillarda O'zbekiston fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi hayotga tatbiq etilayotgani, fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilib, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o'rni va faolligi mustahkamlanayotgani ta'kidlandi.

Yevropada istiqbollar va xavfsizlik instituti (IPSE) direktori Emmanuel Dyupyui o'z navbatida, Fransiya ekspertlar hamjamiyati Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parijga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari bo'yicha O'zbekiston fuqarolik jamiyati delegatsiyasining tashrifini olqishlashini ta'kidladi.

"Biz o'zbekistonlik ekspertlarning Fransiyaga tashrifini mamlakatlarimizni birlashtirgan strategik sheriklikni to'ldirish, mustahkamlash va kengaytirish zarurati kontekstida ko'rib chiqyapmiz. Gap, shubhasiz, an'anaviy tarzda bir-biriga to'g'ri keladigan sohalar – ijtimoiy masalalar, iqtisodiy integratsiya, investitsiya jozibadorligi haqida bormoqda. Ammo shuni ham ta'kidlash kerakki, bu munosabatlar faqat iqtisodiy hamkorlik bilan cheklanib qolmaydi. Bu ikki xalq o'rtasidagi chuqurroq munosabatlar, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron o'rtasidagi mustahkam do'stlik va o'xshash pozitsiyalardan ancha uzoqroqqa cho'zilgan aloqadir. Yetakchilarimiz islohotlar tarafdori, kuchlar muvozanatini saqlash va o'z yetakchiligini mustahkamlashga intilmoqda – Yevropada Emmanuel Makron, Markaziy Osiyoda Shavkat Mirziyoyev. Markaziy Osiyodagi eng strategik davlat sifatida O'zbekiston barqarorligi va farovonligi butun mintaqa va umuman xalqaro xavfsizlik uchun katta ahamiyatga ega", dedi u.

Muhokamalar chog'ida fuqarolik jamiyati tashkilotlari delegatsiyasi a'zolari Fransiya tomonini qiziqtirgan savollarga javob berdi. O'zbekiston fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi faol ishtiroki uchun mamlakatimiz rahbariyati tomonidan yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida so'zlab berdilar.

Jan-Antuan Dyuprat, Yevropa istiqbollari va xavfsizligi instituti eksperti:

– Men O'zbekistonga ilk bor 2014 yilda borgan edim. O'shandan beri ancha mamlakatda iqtisodiy taraqqiyot, siyosiy va institutsional tizim evolyutsiyasi, fuqarolik jamiyati rolining oshishi, ochiqlik va savdoni erkinlashtirish jarayonlarini kuzataman. Bugun biz O'zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlarining roli sezilarli darajada oshganiga guvoh bo'lmoqdamiz. Hozirgi kunda O'zbekistonda 9 mingga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlar bor va bu juda muhim. Ular iqlimni muhofaza qilishdan tortib, ijtimoiy hamjihatlikka qadar, jumladan, madaniy masalalar va boshqa ko'plab sohalarda muhim faol ishlayapti.

Ushbu tashkilotlar, jumladan, Parijga kelganlar ham fransuz tajribasini o'rganish va o'zlashtirish, maslahat olish, ishlar qanday tashkil etilganini ko'rish, eng yaxshisini olish niyatida, chunki bizda ma'lum o'zgarishlar va tarixiy tajriba bor.

Bularning barchasi O'zbekistonning chinakam muvaffaqiyatli taraqqiyoti va yana-da kengroq baynalmilallashuv sari intilayotganidan dalolatdir. Uning Yevropa va Fransiya bilan aloqalari, iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy yoki ilmiy sohalarda bo'lsin, ko'plab uyushmalar va tashkilotlar orqali fuqarolik jamiyatining yuksalishi katta ahamiyatga ega. Bularning barchasi, albatta, juda jiddiy yutuqlardir.

Bunday hamkorlik barcha tomonlarga foyda keltiradi va men Parijdagi ushbu uchrashuvda ishtirok etganimdan juda mamnunman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish