O'zbekiston Shri-Lanka bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qilmoqda
Iyul 27, 2025. 08:16 • 2 daq
• 600
KOLOMBO, 27-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Shri-Lankadagi elchisi (qarorgohi Islomobod shahrida joylashgan) Alisher To'xtayev Kolombo shahrida ushbu mamlakat savdo, tijorat, oziq-ovqat xavfsizligi va kooperativ rivojlanish vaziri Vasanta Samarasinghe bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni jadal rivojlantirish, o'zaro tovar ayirboshlash hajmini keskin oshirish masalalarini muhokama qilindi.
Vazir Vasanta Samarasinghe global iqtisodiyotda yuzaga kelgan joriy holat ko'plab mamlakatlardan tashqi savdo siyosatini qayta yo'naltirish, yangi bozorlarni izlash, istiqbolli hamkorlar bilan munosabatlarni o'rnatish zaruratini kun tartibiga olib chiqqanini ta'kidlab, Shri-Lankaning O'zbekiston bilan yaqin hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
– O'zbekistonni iqtisodiy diplomatiya yo'nalishida ishonchli va istiqbolli hamkor deb bilamiz, – dedi u. – Ikki mamlakat hukumatlari, mutasaddi vazirliklari va idoralari, biznes doiralari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri muloqotni faollashtirish muhim.
2024-yil yakuniga ko'ra ikki mamlakat o'rtasidagi savdo hajmi atigi 6 million dollarni tashkil etgan. Bu ko'rsatkich O'zbekiston va Shri-Lankaning mavjud salohiyatga mutlaqo mos kelmasligi ta'kidlandi. Tovar ayirboshlash hajmini keskin oshirish va mahsulotlarni nomenklaturasini diversifikatsiya qilish borasida qo'shma choralar ko'rish bo'yicha ham fikr almashildi.
Savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish mexanizmlari, jumladan biznes-forumlar o'tkazish, delegatsiyalarning o'zaro safarlarini tashkil etish, hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, qo'shma ishchi guruh va hukumatlararo komissiya tuzish bo'yicha tashabbus va takliflar ko'rib chiqildi. Shuningdek, logistika, turizm, ta'lim, investitsiyalar va inson kapitalini rivojlantirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi.
Shri-Lanka tomoni barqaror qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va kooperatsiyani rivojlantirish borasida o'zaro tajriba almashish, bu borada texnik maslahatlashuvlar, o'quv dasturlari va mutaxassislar tashriflarini yo'lga qo'yish tomonlar uchun manfaatli bo'lishini qayd etdi.
Bundan tashqari, xorijiy tomon O'zbekiston mahsulotlarini dunyo bozoriga chiqarishda o'z portlaridan foydalanishni taklif etib, bu borada barcha qulayliklarni yaratib berishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikning aniq yo'nalishlarini belgilash va amaliy "yo'l xaritasi"ni ishlab chiqish maqsadida mutasaddi idoralar o'rtasida onlayn uchrashuv o'tkazishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi