Logo

O'zbekiston elchixonasi Malayziyadagi yetakchi ilmiy muassasaning maxsus mukofoti bilan taqdirlandi

Iyun 17, 2025. 19:48 • 2 daq

539
O'zbekiston elchixonasi Malayziyadagi yetakchi ilmiy muassasaning maxsus mukofoti bilan taqdirlandi

KUALA-LUMPUR, 17-iyun. /"Dunyo" AA/. Malayziya xalqaro islom universiteti qoshidagi Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi institutida yoshlarga ta'lim berish, ilmiy ishlarni amalga oshirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo'shgan bir guruh xodimlar va hamkorlarni taqdirlash – "Takrim 2025" marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 E'tiborlisi, mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi xalqaro sheriklikni rivojlantirish va institut tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyatni qo'llab-quvvatlashga qo'shayotgan hissasi uchun mazkur muassasaning "Maxsus e'tirof" mukofoti bilan taqdirlandi.

Marosimda so'zga chiqqan institut direktori, professor Abdulaziz Bergut O'zbekiston elchixonasi mamlakatimizdagi hamkorlar bilan o'zaro aloqalarni rivojlantirishga yaqindan yordam berayotganini ta'kidladi. "Elchixona tomonidan ko'rsatilayotgan ko'mak tufayli institut jamoasi O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yaqin aloqalarni o'rnatishga muvaffaq bo'ldi va bu jarayon faol davom etmoqda. Shuningdek, hamkorlik natijasi o'laroq, O'zbekiston tuprog'ida tug'ilib o'sgan buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy qalamiga mansub astronomiyaga oid 1197-yilda ko'chirilgan "At-Tafhim" asarining qadimgi qo'lyozmasining faksimil nusxasini O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasiga taqdim etdik", – dedi u . 

Bundan tashqari, O'zbekiston Prezidentining joriy yil fevral oyida Malayziyaga oliy darajadagi tashrifi davomida har ikkala mamlakat oliy o'quv yurtlari o'rtasida 50dan ortiq o'zaro hamkorlik hujjatlarining imzolangani, tomonlar o'rtasida ta'lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga yuqori istak mavjudligini ko'rsatgani ta'kilandi. Xorijiy olim mazkur hujjatlar, albatta amaliyotga tadbiq etilishi va hamkorlikni yana-da yuqori pog'onaga olib chiqishiga ishonch bildirmoqda.

Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti 1987-yilda Malayziya xalqaro islom universiteti qoshida aspirantura ilmiy-o'quv muassasasi sifatida tashkil etilgan. Unda islom sivilizatsiyasiga bag'ishlangan qiyosiy va madaniy tadqiqotlar olib borilib, malakali ilmiy xodimlar tayyorlanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish