Logo

Qohira shahrida bo'lib o'tgan xalqaro festivalda O'zbekistonning boy merosi va turizm salohiyati taqdim etildi

May 01, 2025. 12:51 • 56 soniya

717
Qohira shahrida bo'lib o'tgan xalqaro festivalda O'zbekistonning boy merosi va turizm salohiyati taqdim etildi

QOHIRA, 1-may. "Dunyo" AA/. Misr poytaxtidagi Badr universitetida Xalqaro madaniyat, turizm va xorijiy tillar festivali bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston AQSh, Germaniya, Xitoy, Ispaniya, Italiya diplomatik vakolatxonalari, madaniyat va til markazlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir maydonida o'rnatilgan stendda mamlakatimizning madaniy va turizm salohiyatini targ'ib qiluvchi tarqatma materiallar, kitoblar va broshyuralar festival ishtirokchilariga taqdim etildi. Shuningdek, Buxoro, Samarqand, Xorazm shaharlaridagi qadimiy yodgorliklar va o'zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi.

Ayniqsa, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Ibn Sino, al-Xorazmiy vatani bo'lgan o'lkaning tabiati, milliy madaniyati va taomlari to'g'risidagi materiallar festivali mehmonlarida katta qiziqish uyg'otdi.

O'zbekiston stendi va o'zbek milliy taomlarining mazasi tashkilotchilar hamda mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.

Tashkiliy qo'mita va universitet rahbariyati ushbu Xalqaro madaniyat-turizm festivali yopilish marosimida O'zbekiston elchixonasiga alohida minnatdorlik bildirdi.

Badr universiteti Misrdagi xususiy oliy ta'lim muassasasi bo'lib, 2014-yilda tashkil etilgan. Universitet 45 gektarlik kampusni o'z ichiga oladi va bu yerda 16000 dan ziyod talaba tahsil oladi. Talabalarga dunyoning eng yetakchi 25 universiteti o'quv dasturlari asosida bilim beriladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish