Logo

O'zbekiston va Pokiston kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytiradi

Sentabr 13, 2025. 12:11 • 2 daq

96
O'zbekiston va Pokiston kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytiradi

ISLOMOBOD, 13-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston Kiberxavfsizlik sohasida favqulodda holatlarni bartaraf etish milliy markazi bosh direktori Hayder Abbas bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida ikki mamlakat o'rtasida kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, raqamli infratuzilmani himoya qilishga ilg'or texnologiyalarni tatbiq etish, qo'shma ilmiy-tadqiqot loyihalar orqali kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

"Raqamli O'zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, elektron hukumat tizimining imkoniyatlari va IT-parklar faoliyati haqida ma'lumot berildi.

Markaz bosh direktori Hayder Abbas o'zi rahbarlik qilayotgan tashkilot faoliyati, milliy darajada kibertahdidlar monitoringi olib borish, tarmoqlar darajasida sohaviy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, tashkilotlar darajasida esa ichki axborot infratuzilmasini himoya qilish borasida ko'rilayotgan choralar bilan haqida so'zlab berdi.

Shuningdek, Markaz davlat xizmatchilari va ta'lim muassasalari uchun muntazam seminarlar, malaka kurslari va konferensiyalar tashkil etib kelayotgani qayd etildi. Amalga oshirilayotgan 4 bosqichli o'quv dasturi strategik qarorlar qabul qilishdan tortib, texnik ko'nikmalar va raqamli savodxonlikni oshirishga qaratilgani ta'kidlandi.

Uchrashuv yakunida kiberhodisalarga tezkor javob qaytarish va tahdidlar haqida axborot almashish, qo'shma o'quv-mashg'ulotlari va simulyatsiyalar o'tkazish, davlat xizmatchilari va talabalar uchun qisqa muddatli o'quv kurslari tashkil etish, sun'iy intellekt asosida tahdidlarni aniqlash, raqamli ekspertiza va xavfsiz aloqa tizimlari sohasida ilmiy-tadqiqotlar olib borish kabi yo'nalishlar da hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

O'zbekiston va Pokiston o'rtasida raqamli xavfsizlik sohasida hamkorlikni izchil davom ettirish, ustuvor vazifalar va aniq amaliy yo'nalishlarni belgilab olish uchun o'zaro tashriflarni tashkil etish, ikki davlat mutasaddi idoralari o'rtasida muntazam onlayn uchrashuv va muzokaralar o'tkazishga kelishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish