Logo

O'zbekiston va Pokiston uy-joy, qurilish va kommunal xizmatlar sohasida hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini belgilab oldi

Iyun 25, 2025. 07:12 • 2 daq

611
O'zbekiston va Pokiston uy-joy, qurilish va kommunal xizmatlar sohasida hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini belgilab oldi

ISLOMOBOD, 25-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston uy-joy va qurilish vaziri Mian Riaz Husayn Pirzoda bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tomonlar uy-joy, qurilish va kommunal xizmatlar sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, hamkorlik istiqbollari, Toshkent shahrida o'tkazilgan oliy darajadagi muloqot chog'ida soha bo'yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishini muhokama qildilar.

O'zbekiston va Pokicton o'rtasidagi uy-joy, qurilish va kommunal xizmatlar sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishning muhimligi ta'kidlandi.

Ikki mamlakatning shahar va qishloq hududlaridagi aholining turli qatlamlari uchun mo'ljallangan uy-joy loyihalarini amalga oshirishda olib borilayotgan keng ko'lamli ishlar e'tirof etildi, soha oid tajriba, modellar va yutuqlar bilan almashish borasida hamkorlikka tayyorlik bildirildi.

Qurilish sohasida ikki davlat xususiy sektor vakillari ishtirokida arzon va sifatli uy-joy loyihalarini birgalikda ishlab chiqish hamda amalga oshirish imkoniyatlari, qurilish texnologiyalari, yomg'ir suvini yig'ish, suvni qayta ishlash va "yashil" uy-joy qurilishi bo'yicha tajriba almashish, qo'shma o'quv dasturlarini ishlab chiqish, muhandis va mutaxassislar uchun texnik seminarlar o'tkazish borasidagi tomonlarning takliflari ko'rib chiqildi.

Shuningdek, ko'p qavatli uylarni bunyod etishda innovatsion va yengil qurilish materiallarini joriy etish, suv taqchilligi mavjud sharoitda ekologik turar joy majmualari, "aqlli" suv boshqaruvi tizimlari va qayta ishlash infratuzilmalarini rivojlantirish bo'yicha qo'shma tashabbuslarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Milliy uy-joy siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, moliyalashtirish mexanizmlari, davlat xaridlari va qurilish tenderlarida ikki mamlakat kompaniyalarining ishtirokini ta'minlaydigan huquqiy va institutsional asoslarni yaratish yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida ushbu yo'nalishlardagi muloqotni davom ettirish va hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish uchun ikki tomon sohaviy ishchi guruhining onlayn uchrashuvlarini muntazam o'tkazishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish