Logo

O'zbekiston va Qozog'iston sog'liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Aprel 27, 2025. 10:50 • 48 soniya

607
O'zbekiston va Qozog'iston sog'liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

OSTONA, 27-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov Qozog'iston sog'liqni saqlash vaziri o'rinbosari Yerbol Ospanov bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasida sog'liqni saqlash sohasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Xususan, Orolbo'yi aholisi salomatlik holatini birgalikda o'rganish, 2025-yilda O'zbekistonda Qozog'iston tibbiyoti kunlari va 2026-yilda Qozog'istonda O'zbekiston tibbiyoti kunlarini o'tkazish, farmatsevtika va tibbiy turizmni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash hamda talabalar almashinuvini yo'lga qo'yish kabi masalalar ko'rib chiqildi.

Muloqot davomida O'zbekiston va Qozog'iston sog'liqni saqlash vazirliklari o'rtasida ikki tomonlama o'zaro manfaatli hamkorlikning barcha yo'nalishlarini qamrab olgan o'n yilga mo'ljallangan strategik hamkorlik dasturi ijrosi tahlil qilindi.

Uchrashuv yakunida aholi salomatligini muhofaza qilish milliy siyosatning asosiy maqsadlaridan biri ekanligi va davlat rahbarlari tomonidan bunga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Shuningdek, tomonlar ikki mamlakat aholisi salomatligi va farovonligini oshirishga qaratilgan samarali hamkorlikni davom ettirish, o'zaro munosabatlarni yana-da rivojlantirishga kelishib oldilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish