O'zbekiston-Britaniya yuridik assotsiatsiyasi tashkil etildi
Iyul 02, 2025. 09:21 • 2 daq
• 552
LONDON, 2-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida "Uzbek Law Day" (O'zbekiston huquq kuni) forumi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda O'zbekiston va Buyuk Britaniyaning yetakchi yuridik hamda investitsion kompaniyalari, xalqaro moliyaviy tuzilmalari va davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.

Forumda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan huquqiy kafolatlar, sud mustaqilligi va adolatli biznes muhitini ta'minlash yo'nalishidagi sa'y-harakatlar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Toshkent xalqaro arbitraj markazi, "PraeLegal Uzbekistan" hamda Britaniyaning "Barnes Law", "Curtis", "Latham & Watkins", "Eldwick Law" "Steptoe International" kabi bir qator yuridik kompaniyalari rahbarlari o'rtasida muzokaralar tashkil etildi.
Tomonlar xalqaro huquqiy hamkorlikni yana-da mustahkamlash, Britaniyaning yetakchi yuridik kompaniyalari va konsalting agentliklari bilan amaliy aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
O'zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirish, investitsion loyihalarni huquqiy jihatdan qo'llab-quvvatlash va qonuniy kafolatlar masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ishtirokchilar "Uzbek Law Day" tashabbusini yuqori baholab, uni ikki mamlakat o'rtasidagi huquqiy muloqotni rivojlantirish, biznes hamkorlikni kengaytirish va investitsiyaviy muhitni yana-da yaxshilashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholadilar.
Shuningdek, forum doirasida O'zbekiston-Britaniya yuridik assotsiatsiyasi tashkil etildi.
Uning asosiy maqsadi O'zbekiston va Britaniya huquqshunoslari o'rtasida hamkorlikni rivojlantirishga ko'maklashish, yurisprudensiya sohasida ilmiy, ta'lim va amaliy dasturlarni ishlab chiqish, huquqiy amaliyotda tajriba almashish, O'zbekiston va Britaniya huquq tizimlarini o'rganish, shuningdek, har ikki mamlakatdagi qonunchilik va huquqiy amaliyotning holati hamda mavjud muammolarini tahlil qilishdan iborat.
Forum yakunlariga ko'ra, O'zbekiston va Britaniya kompaniyalari o'rtasida huquqiy hamkorlikka oid bir qator kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi