Logo

O'zbekiston TIV rahbari Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha yangi tayinlangan maxsus vakili bilan uchrashdi

May 12, 2025. 16:13 • 2 daq

1010
O'zbekiston TIV rahbari Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha yangi tayinlangan maxsus vakili bilan uchrashdi

TOSHKENT, 12-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Eduards Stiprais bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Bugun Tashqi ishlar vazirligida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Eduards Stiprais janoblarini qutlashdan mamnunmiz, – deb yozdi O'zbekiston TIV rahbari o'zining telegram-kanalida. – Yaqinda Samarqandda bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammiti har ikki mintaqa xalqlari manfaatlari yo'lida foydalanishimiz mumkin bo'lgan salohiyat naqadar keng ekanligini yana bir bor ko'rsatdi.

Uchrashuvimiz davomida ta'limdan "yashil" energiyagacha barcha sohalarni qamrab olgan dinamik rivojlanayotgan aloqalarimizni hamda dolzarb mintaqaviy va global masalalarni muhokama qildik. Hamkorlik imkoniyatlarini yana-da kengaytirish yo'lida birgalikda harakat qilishga kelishib oldik".

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha yangi tayinlangan maxsus vakili katta tajribaga ega latviyalik diplomatdir. U Latviyaning Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakili, shuningdek, Davlat kotibi o'rinbosari – Latviya Tashqi ishlar vazirligining siyosiy direktori lavozimlarida ishlagan. 2016-2020-yillarda Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasini (elchixona) boshqargan.

Eduards Stiprais 2025-yilning 1-mart sanasida 2021-yildan buyon Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili lavozimida ishlab kelgan va 2024-yil oxirida o'z missiyasini yakunlagan Terxi Xakala o'rniga tayinlandi.

Yevropa Ittifoqining yangi maxsus vakilining asosiy vazifasi Markaziy Osiyo davlatlari bilan umumiy qadriyatlarga asoslangan munosabatlarni rivojlantirish, mintaqa davlatlari o'rtasida barqarorlik va hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, demokratiya, qonun ustuvorligi, yaxshi boshqaruvni mustahkamlash, inson huquqlari va asosiy erkinliklariga hurmatni mustahkamlashdan iborat.

"Dunyo" AA olgan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish