Parij shahrida O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga bo'lib o'tadigan saylovga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi

Oktabr 09, 2024. 10:51 • 2 daq

• 373
Parij shahrida O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga bo'lib o'tadigan saylovga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi

PARIJ, 9-oktabr. /"Dunyo" AA/. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi doirasida mamlakatimiz elchixonasida bo'lajak O'zbekiston parlamenti sayloviga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Fransiya parlamenti, ekspert, akademik doiralari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida 2017-yildan buyon O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati Fransiya tomoniga yetkazildi.

O'zbekiston delegatsiyasi a'zolarining chiqishlarida insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlash borasida erishilayotgan yutuqlarga alohida urg'u berildi.

Anjumanda O'zbekistonda bo'lajak parlament saylovi mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasi asosida va saylov qonunchiligiga kiritilgan so'nggi o'zgartishlarga muvofiq o'tkazilayotgani ta'kidlandi.

Shuningdek, ishtirokchilarga saylovoldi tashviqoti doirasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli tayyorgarlik ishlari haqida batafsil so'zlab berildi.

Fransiya vakillari o'z navbatlarida, O'zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, ko'p qirrali o'zbek-fransuz hamkorligining turli jihatlariga to'xtalib, mamlakatimizda bo'lib o'tadigan muhim siyosiy voqea yuzasidan o'z fikrlarini bildirdilar.

– O'zbekistonda bo'lib o'tadigan parlament saylovlariga bag'ishlangan davra suhbatida ishtirok etish taklifini katta mamnuniyat bilan qabul qildim. Men ham Fransiyadan saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish taklifini oldim, – dedi Fransiya Milliy Assambleyasining sobiq a'zosi Karol Byuro-Bonar. – Bundan avval O'zbekiston Prezidenti saylovida, shuningdek, mamlakatingizda bo'lib o'tgan parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashganman. Har gal O'zbekistonga borganimda mamlakatingizda amalga oshirilayotgan, ortga qaytmas o'zgarishlar, demokratik islohotlardan hayratda qolaman. Shu munosabat bilan Qonunchilik palatasiga saylovni aralash (majoritar-proporsional) tizim asosida o'tkazishning yangi tartibini alohida ta'kidlamoqchiman. Bu, albatta, O'zbekistonda siyosiy partiyalar o'rtasidagi raqobatni yanada kuchaytiradi. O'zbekistonda ayollar huquqlari va gender tengligini ta'minlash masalalariga katta e'tibor qaratilayotgani e'tirofga loyiq. Deputatlikka nomzodlar umumiy sonining 40 foizigacha bo'lgan xotin-qizlar kvotasi oshirilgani buning yorqin dalilidir.

Yakunda fransiyalik deputatlar parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun O'zbekistonga bo'lajak safarga katta ishtiyoq bilan hozirlik ko'rayotganliklarini ta'kidlab, mamlakatimiz saylov jarayonidagi yangiliklar bilan yana bir bor tanishish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish