Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda sholichilik klasterini tashkil etishga qiziqish bildirmoqda
Noyabr 23, 2026. 14:30 • 2 daq
• 72
KUALA-LUMPUR, 23-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya “Silkharvest Agro Sdn. Bhd.” kompaniyasi boshqaruv direktori Muhammad Anvar hamda Muda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish agentligi (MADA) vakili bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida sholichilikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Kompaniya rahbari O‘zbekiston hududlarida sholi yetishtirish va uni qayta ishlash bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish hamda buning uchun Malayziyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyalarni jalb qilishga tayyorligini bildirdi.
Malayziya tomoni taqdim etgan taklifga ko‘ra, mazkur loyiha sanoat miqyosida sholi yetishtirish va sohaga zamonaviy xo‘jalik boshqaruvi tizimini joriy etish, irrigatsiya, drenaj tizimlari hamda suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va ilg‘or dehqonchilik texnologiyalarini tatbiq qilishni qamrab oladi.
Shuningdek, sholini qayta ishlash, qadoqlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, texnologiyalar transferi orqali mahalliy kadrlar malakasini oshirish hamda barqaror ta’minot zanjirlarini shakllantirib, tashqi bozorlarga chiqishni ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida sholichilik klasterini tashkil etishda Malayziyaning ilg‘or tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha MADA agentligi “Silkharvest Agro Sdn. Bhd.” kompaniyasiga texnologik hamkor sifatida ko‘mak ko‘rsatadi.
1970-yilda Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligi huzurida tashkil etilgan MADA agentligi mamlakatda sholichilik, suv resurslarini boshqarish, sug‘orish tizimlari, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi va fermerlar daromadini oshirish yo‘nalishlariga ixtisoslashgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi