AQShning Santa-Fe shahridagi yarmarkada salkam yarim million dollarlik o'zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari sotildi

Июль 27, 2024. 07:47 • 2 дақ

200
AQShning Santa-Fe shahridagi yarmarkada salkam yarim million dollarlik o'zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari sotildi

VASHINGTON, 27-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonlik hunarmandlar shu yilning 12-15-iyul kunlari Amerikaning madaniy poytaxtlaridan biri — Nyu-Meksiko shtati Santa-Fe shahrida o'tkazilgan an'anaviy "Xalqaro xalq amaliy san'at bozori" (IFAM) festivalida qatnashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

An'anaviy tarzda eng ko'p sonli delegatsiyalardan biri bo'lgan o'zbek hunarmandlari tarkibiga 10 ortiq ustalar kirdi va ular an'anaviy san'at namunalarining keng ko'lamini namoyish etdilar. Ipak gilamlar, an'anaviy matolardan tikilgan kiyimlar, zargarlik, keramika buyumlari shular jumlasidandir.

Festival tashkilotchilari va mehmonlari O'zbekiston amaliy san'atining o'ziga xosligi, go'zalligi va xilma-xilligini yuksak baholadi. Qayd etish kerakki, o'zbekistonlik hunarmandlar tomonidan yaratilgan mahsulotlar xalq amaliy san'ati ixlosmandlarining katta qiziqishiga sabab bo'ldi. Xususan, o'zbek gilamlarining tuzilishi, murakkab naqsh va jozibali ranglari bilan kolleksionerlarni hayratga soldi.

Bir necha yuz yil vaqt mobaynida ishlab chiqarish texnologiyalari deyarli o'zgarmagan mashhur o'zbek keramikasi ham diqqatdan chetda qolmadi. O'zbekiston hunarmandlarining zilol va to'q ko'k sirli keramika buyumlari mehmonlar tomonidan e'tirof etildi.

Vatandoshlarimiz yarmarka doirasida amaliy san'at asarlarini yaratish tarixi va uslublari, ulardagi naqshlarning ahamiyati va ramzlari, ustalar sulolalari hamda ushbu sohalardagi zamonaviy tendensiyalar va innovatsiyalar haqida so'zlab berdilar. Ko'plab amerikaliklar uchun bunday hikoyalar O'zbekistonning rang-barang madaniyati haqida qiziqarli manba bo'ldi.

Festival kunlari o'zbek hunarmandlari salkam yarim million AQSh dollari miqdorida mahsulot sotishga erishdilar. Bu amerikaliklar va ushbu mamlakat mehmonlar tomonidan o'zbek amaliy san'atiga bo'lgan yuqori qiziqishni tasdiqladi.

Eslatib o'tamiz, mahalliy san'at maktablari vakillari 2004-yildan beri o'tkaziladigan ushbu yarmarkada muntazam ravishda ishtirok etib kelmoqda. Festival davomida 60 mamlakatdan kelgan 150 dan ortiq hunarmandlar xalq amaliy san'ati mahsulotlarini mehmonlar va Nyu-Meksiko shtati aholisiga namoyish etish hamda sotish imkoniyatiga ega bo'ladilar.

Telegram каналига обуна бўлинг

Барча янгиликлар ва янгиланишлардан биринчилардан бўлиб хабардор бўлинг!

Каналга ўтиш