Jiddada O'zbekiston-Saudiya Arabistoni ishbilarmon ayollari birinchi forumini o'tkazish masalalari muhokama qilindi
Июль 22, 2025. 13:01 • 2 дақ
• 228
JIDDA, 22-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston bosh konsuli Sirojiddin Shamsuddinov Jidda Savdo-sanoat palatasi bosh kotibi Ramiz Mansur al-G'olib bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida O'zbekiston iqtisodiy salohiyatini Saudiyada keng targ'ib qilish, mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ikki mamlakat tadbirkor ayollari o'rtasidagi aloqalarni yo'lga qo'yish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.
Bosh konsul O'zbekistonda tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, ishbilarmon ayollarga sharoitlar yaratish, shuningdek, xorijiy davlatlar, xususan, Saudiya Arabistoni investitsiyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, mamlakatimizning iqtisodiy va turistik salohiyati hamda "Build Pro Expo 2025" xalqaro ko'rgazmasi to'g'risida so'zlab berdi.
Bosh kotib Ramiz Mansur al-G'olib "Acwa Power", "DataVolt" va "Vision" kabi Saudiya kompaniyalari tomonidan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan qator investitsion loyihalarni yuqori baholab, mazkur holat Saudiyaning boshqa yirik kompaniyalari va tadbirkorlarini mamlakatimizga sarmoya kiritishga undayotganini ta'kidladi.
Uchrashuvda ikki mamlakat yirik ishbilarmon ayollarning ilk uchrashuvini tashkil etish taklifi qo'llab-quvvatlandi. Saudiya vakili O'zbekiston-Saudiya Arabistoni ishbilarmon ayollari birinchi forumini Jidda shahri qabul qilishga tayyorligini tasdiqladi.
Forum doirasida "Made in Uzbekistan" ko'rgazmasi va "Welcom to Uzbekistan" shiori ostida turistik va hunarmandlar yarmarkasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Telegram каналига обуна бўлинг
Барча янгиликлар ва янгиланишлардан биринчилардан бўлиб хабардор бўлинг!
Сўнгги янгиликлар
Барчаси