Madriddan munosabat: Seul sammitidagi O‘zbekiston tashabbuslari Markaziy Osiyoning texnologik imkoniyatlarini yanada kengaytiradi
Sentabr 20, 2026. 11:30 • 2 daq
• 71
MADRID, 20-sentabr. /“Dunyo” AA/. Ispaniyadagi Pan-Yevropa ittifoqi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 16-sentabr kuni Seulda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammitidagi nutqi haqida fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammitidagi nutqi bilan diqqat bilan tanishib chiqdim. Nutqning chuqur mazmuni, strategik yondashuvi hamda aniq takliflari muhim ahamiyatga ega.
Davlat rahbarining “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish bo‘yicha sheriklik” uzoq muddatli konseptual qarashini shakllantirish, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sanoat-texnologiya parki, muhim minerallar bo‘yicha Mintaqaviy investitsiya alyansini tashkil etish, iqlim va uglerod bo‘yicha hamkorlikni hamda inson kapitalini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi g‘oyalari ayniqsa muhim.
Ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi strategik hamkorlikni sifat jihatidan kengaytirish, o‘zaro savdo va sarmoyalarni ko‘paytirish, zamonaviy ishlab chiqarishni rivojlantirish, raqamli va “yashil” transformatsiyani jadallashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Taklif etilgan “buyurtma–tayyorgarlik–ishga joylashish” tamoyili alohida e’tiborga loyiq. Bu sa’y-harakatlar biznes ehtiyojlarini mintaqaning ta’lim salohiyati bilan bevosita bog‘lash va yoshlarga kasbiy rivojlanishning haqiqiy imkoniyatlarini ta’minlash imkonini beradi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan takliflar keng ko‘lamli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Markaziy Osiyoning texnologik imkoniyatlarini oshirish va Koreya Respublikasi bilan o‘zaro manfaatli sheriklikning yangi darajasini shakllantirish uchun amaliy asos bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi