O‘zbekiston–Pokiston tadbirkor ayollari forumi tashkil etiladi
Oktabr 09, 2026. 16:00 • 2 daq
• 71
ISLOMOBOD, 9-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu davlatda xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi Gulnora Mahmudova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Pokiston ishbilarmon ayollari hamkorligini yo‘lga qo‘yish, biznes sohasida tajriba va bilim almashinuvini kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Elchi Alisher To‘xtayev delegatsiya a’zolariga O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari haqida so‘z yuritdi. Xususan, ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy muloqot faollashib borayotgani, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat davlatlararo munosabatlar, balki xususiy sektor, biznes hamjamiyati o‘rtasidagi kooperatsiya hisobiga ham yangi mazmun bilan boyib bormoqda.
Shu nuqtayi nazardan, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish va ularning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish o‘zaro sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Pokiston ishbilarmon ayollari o‘rtasida barqaror hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ikki mamlakat tadbirkor xotin-qizlari o‘rtasida biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish, ularning mahsulot va xizmatlarini o‘zaro bozorlarga olib chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda yangi investitsiyaviy imkoniyatlarni izlash bo‘yicha fikr almashildi.
O‘zbekiston–Pokiston tadbirkor ayollari forumini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur forumni ikki mamlakat ishbilarmon ayollarini bir maydonga birlashtiruvchi, yangi biznes sherikliklarni shakllantirish, investitsiyaviy loyihalarni taqdim etish va o‘zaro tajriba almashish uchun samarali platformaga aylantirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Pokiston xotin-qizlar tadbirkorligi sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi