O‘zbekiston va Sloveniya universitetlari yuridik ta’lim yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirmoqda

Oktabr 05, 2026. 10:30 • 2 daq

• 182
O‘zbekiston va Sloveniya universitetlari yuridik ta’lim yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirmoqda

BUDAPЕSHT, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Budapesht shahridagi elchixonasida Maribor universiteti yuridik fakulteti professori Syuzana Kralyich bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda tomonlar Toshkent davlat yuridik universiteti va Maribor universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Ishtirokchilar sheriklikdagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.

Muloqot davomida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, akademik almashinuvlarni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim tadbirlarini o‘tkazish, qo‘shma o‘quv dasturlarini amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot hamkorligini kengaytirish va ixtisoslashtirilgan yuridik adabiyotlar almashish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Sloveniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlarning davomi sifatida sloveniyalik mehmon Toshkent davlat yuridik universitetida tashkil etilayotgan Yevropa huquqi markazi uchun qator yuridik nashrlarni taqdim etdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat universitetlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yanada mustahkamlash, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarda o‘qituvchi hamda talabalarning ishtirokini kengaytirish, Yevropa va xalqaro huquq sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Erishilgan kelishuvlar oliy yuridik ta’lim, akademik almashinuv va ilmiy tadqiqotlar sohasida O‘zbekiston–Sloveniya hamkorligini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish