O‘zbekiston va Xitoy to‘qimachilik sanoati uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi
Sentabr 04, 2026. 11:30 • 2 daq
• 107TAYCHJOU, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari Chjeszyan provinsiyasi Taychjou shahriga xizmat safarini amalga oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida diplomatlar Taychjou professional-texnika kolleji direktori o‘rinbosari Chjou Veixua, “Zoje Sewing Machine” kompaniyasi direktori Li Xue hamda “Yusine Group” kompaniyasi direktori Lans Van bilan uchrashdi.
Chjou Veixua bilan o‘tkazilgan muloqot chog‘ida yurtimiz texnikumlarining o‘qituvchi va talabalari uchun to‘qimachilik sanoati, elektromobillarni taʼmirlash, yangi energetika, sunʼiy intellekt, tibbiyot va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Kollej direktori talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi. O‘zbekiston talabalari bir yil davomida kollejda tahsil olishi va Taychjou shahri korxonalarida amaliy tajriba orttirishi mumkin.
“Zoje Sewing Machine” kompaniyasi direktori Li Xuening so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston to‘qimachilik sohasidagi imkoniyatlarini hisobga olgan holda, so‘nggi 3 yil ichida kompaniyaning yirik hamkoriga aylandi.
Har yili kompaniya O‘zbekistonga 2 million dollar miqdoridagi tikuv mashinalari va asbob-uskunalarini eksport qiladi. Hozirda kompaniya respublika hududida tikuv mashinalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va keyinchalik Markaziy Osiyo mintaqasi bozoriga eksport qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Xitoylik ishbilarmonlar joriy yil oktyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurib, Kasbiy taʼlim agentligi va texnikumlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


