Janubiy Koreya kompaniyalari O‘zbekiston taʼlim muassasalariga smart-panellar taqdim etdi

Sentabr 03, 2026. 09:53 • 2 daq

145
Janubiy Koreya kompaniyalari O‘zbekiston taʼlim muassasalariga smart-panellar taqdim etdi

SEUL, 3-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida mamlakatimiz taʼlim muassasalarini zamonaviy raqamli uskunalar bilan jihozlash tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan ushbu tashabbus doirasida Janubiy Koreyaning 11 ta kompaniyasi mamlakatimiz maktablari va professional taʼlim muassasalari uchun 35 ta interaktiv smart-panel xarid qilishda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston elchisi Alisher Abdusalomov ishbilarmonlarga alohida minnatdorlik bildirdi. U taʼlim jarayoniga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish taʼlim sifatini oshirish, yoshlarning zamonaviy bilim va resurslardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish hamda zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Uskunalarni imtiyozli shartlarda taqdim etgan hamda ularni O‘zbekistonga yetkazib berishni tashkil etishda ko‘maklashgan “AHA” kompaniyasining hissasi alohida eʼtirof etildi. Bu ko‘mak loyihani amalda ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Loyihani moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda Janubiy Koreyaning “BOMI Engineering & Construction”, “Shindong Resources”, “Hansae Mobility”, “Youngone Corporation”, “Hyundai Rotem”, “Edulink Global”, “DK Consultants”, “Shield Consulting”, “Sungshin L&P”, “Hana Global”, “UzAuto Korea” kabi yetakchi kompaniyalari ishtirok etdi.

Smart-panellarni O‘zbekistonning turli hududlaridagi taʼlim muassasalari o‘rtasida taqsimlash rejalashtirilgan. Ularni o‘quv jarayoniga joriy etish raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish va o‘quvchilarni tayyorlash sifatini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Mazkur tadbir Koreyaning “K-Culture”, “Diplomacy Journal”, “UN Journal” kabi qator ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish