Tokioda O‘zbekiston–Yaponiya ekologik hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi
Iyul 31, 2026. 16:30 • 2 daq
• 76
TOKIO, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Yaponiya atrof-muhit vaziri o‘rinbosari Kentaro Doi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi O‘zbekiston–Yaponiya hamkorligining bugungi holati hamda uni yana-da kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini qayd etib, ekologik xavfsizlik, iqlim o‘zgarishiga moslashish va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Uchrashuvda joriy yil mart oyida O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Yaponiya Atrof-muhit vazirligi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumining amaliy ijrosini taʼminlash muhimligi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, Yaponiya tomoniga Markaziy Osiyoda ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan “Green University” bilan akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish hamda mutaxassislar tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish taklif etildi.
O‘z navbatida, Kentaro Doi O‘zbekistonga tashrifi davomida mazkur universitetda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, professor-o‘qituvchilarning yuqori salohiyati hamda taʼlim jarayonining mazmuni unda ijobiy taassurot qoldirganini qayd etdi.
Muzokaralar yakunida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yana-da faollashtirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda muntazam ishchi muloqotlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi