Samarqand sammiti bolalar salomatligi va ta’limiga sarmoya kiritishda global platformaga aylandi
Oktabr 25, 2026. 17:30 • 3 daq
• 9PEKIN, 25-oktabr. /“Dunyo” AA/. Xitoy ommaviy axborot vositalarida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yo‘lida” mavzusidagi Butunjahon sammiti haqida turkum maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “CCTV”, “CGTN”, “Phoenix TV”, “Takungpao”, “Victwo”, “Lookwe”, “Psearcher”, “Target”, “Travel&Leisure”, “WeChat”, “Yidian Zixun”, “Toutiao”, “Sohu”, “Baijiahao”, “Ifeng” kabi OAVda Samarqand sammiti haqida ko‘plab materiallar e’lon qilindi.
Materiallarda ta’kidlanishicha, 21–22-oktyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitda 100 dan ortiq mamlakatdan birinchi xonimlar, xorijiy davlatlar hukumatlari a’zolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, biznes, fuqarolik jamiyati va OAV vakillari ishtirok etdi.
Bolalar salomatligi, ijtimoiy himoya, ta’lim, xavfsizlik va oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlar sifatida ko‘rib chiqildi. O‘zbekistondagi islohotlarni bola nigohi bilan namoyish etuvchi ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Nashrlarda qayd etilishicha, ushbu nufuzli sammit O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili, YUNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Jahon banki hamkorligida tashkil etildi.
Bola hayotidagi o‘zgarishlarni sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya va oilaviy muhitning umumiy ta’siri sifatida baholash sammitning asosiy mavzusi bo‘ldi. Tadbir materiallariga ko‘ra, O‘zbekistonda ijtimoiy xizmatlar turi 26 tadan 140 taga ko‘paydi, bolalar kambag‘alligi darajasi 21,5 foizdan 5,4 foizga kamaydi, maktabgacha ta’lim qamrovi esa 27,7 foizdan 78 foizga oshdi.
Sammit doirasida birinchi xonimlar va yuqori martabali mehmonlar ishtirokida Samarqanddagi “IMKON” markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur markaz Nukus, Qibray, Qarshi va Zarafshon shaharlaridagi muassasalarni o‘z ichiga olgan “IMKON” tarmog‘ining yangi bo‘g‘iniga aylandi.
2025-yilda-ushbu markazlarda 546 mingdan ortiq muolaja va mashg‘ulotlar o‘tkazildi, 4 mingga yaqin bola ambulator reabilitatsiyadan o‘tdi. Shuningdek, Bolalar onkologiyasi bo‘yicha II Xalqaro kongress bo‘lib o‘tdi.
Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi sammitning asosiy voqeasi sifatida qayd etildi. Unda ishtirokchilar Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga va bola manfaatlarini eng ustun darajada ta’minlash tamoyiliga sodiqligini ta’kidladi.
Ishtirokchilar bolalar dunyo aholisining uchdan bir qismini tashkil etishi, ularga yo‘naltirilgan investitsiyalar esa sog‘liqni saqlash, ta’lim, mehnat unumdorligi, ijtimoiy hamjihatlik va tinchlikni mustahkamlashda samara berishini ma’lum qildi.
Xitoy OAVda bolalar farovonligiga sarmoya kiritish uzoq kelajakka mo‘ljallangan reja emas, balki har bir bolaning huquqlarini himoya qilish ekani ta’kidlangan. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilangina bolalarning sog‘lom va xavfsiz muhitda voyaga yetishini ta’minlash mumkinligi alohida qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



