O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi muhokama qilindi
Oktabr 25, 2026. 18:30 • 2 daq
• 45
ISLOMOBOD, 25-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev onlayn tarzda ishtirok etib, hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan axborot berdi.
Uchrashuv davomida investitsiyalar, sanoat, savdo, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, geologiya, raqamli texnologiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, yengil sanoat, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, temir yo‘l transporti, farmatsevtika, ilm-fan, savdo-sanoat hamda boshqa yo‘nalishlarga mas’ul vazirlik va idoralar vakillarining axborotlari tinglandi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar, transport-logistika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, fan va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil rivojlanayotgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tegishli “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Muhokamalar davomida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilayotgani qayd etildi. Ayrim vazifalar ijrosida mas’ul ijrochilar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurati va belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ikki mamlakat o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash, Pokiston tomoni bilan hamkorlikda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni parlamentlararo va diplomatik muloqotlar doirasida muhokama qilishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi