Logo

Li Chan-u: Mehmondo‘st o‘zbek xalqini O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan samimiy muborakbod etaman

Dekabr 08, 2025. 12:08 • 5 daq

273
Li Chan-u: Mehmondo‘st o‘zbek xalqini O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan samimiy muborakbod etaman

SEUL, 8-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan Tejon shahrining strategik ahamiyati, fan va texnologiya sohasidagi yutuqlari, O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollari, taʼlim sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar va almashinuvlar haqida shahar hokimi Li Chan-u bilan intervyu tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

– Tejon katta shahar, uning Janubiy Koreyadagi strategik mavqei va iqtisodiy salohiyati haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz?

–  Tejon Janubiy Koreyadagi fan va texnologiyalar markazi sanalgani uchun ko‘pincha “Fan poytaxti” deb ataladi. Hukumat tomonidan moliyalashtiriladigan 27 tadqiqot instituti Tejonda joylashgan. U Koreyaning elektronika, telekommunikatsiya, biotexnologiya va milliy mudofaa sanoati kabi asosiy sohalarni tadqiq qiluvchi institutlarni o‘z ichiga oladi, magistr va doktorlik darajasiga ega taxminan 30 ming nafar tadqiqotchi ishlaydi.

Shuningdek, Tejonda yarimo‘tkazgichlar va batareyalardan tortib, sunʼiy yo‘ldoshlar, robototexnika, kvant hisoblash va yadroviy sintez energiyasigacha bo‘lgan turli xil tadqiqotlar markazi mavjud. Shu bois shahrimizni “Janubiy Koreyaning miyasi”, deb atash mumkin.

– Shahringizning fan, texnologiya va taʼlim sohasidagi asosiy yutuqlarini nima deb hisoblaysiz?

– Aytishim kerakki, Tejon Jahon intellektual mulk tashkiloti – WIPO tomonidan dunyo darajasidagi fan va texnologiya shahri sifatida tan olingan. 2024-yil holatiga ko‘ra, fan va texnologiya intensivligi bo‘yicha Osiyoda birinchi, dunyoda yettinchi o‘rinda turadi. Yurtimizning kelajakdagi o‘sish mexanizmlari bo‘yicha tadqiqotlar shahrimizda davom etmoqda. Yaqindan beri kvant hisoblash bilan bog‘liq asosiy tadqiqot institutlari Tejonda keng ko‘lamli tadqiqotlar olib bormoqda. Mudofaa sanoatida ham sezilarli darajada o‘sishni boshdan kechirmoqda va bu sohada asosiy tadqiqot institutlari shu yerda joylashgan.

Keyingi 10 yil ichida Tejon mamlakatimizning eng boy shahriga aylanishi kutilmoqda. Shahrimiz oltita strategik sohaga ega: aerokosmik, biosog‘liqni saqlash, yarimo‘tkazgich, mudofaa, kvant va robototexnika. Ushbu strategik sohalar tez o‘sishni boshdan kechirmoqda va Tejon kelajakdagi o‘sish mexanizmiga yetakchilik qilishi kutilmoqda.

Tejonda 29 ta biokompaniya ro‘yxatga olingan va shahar Koreya biosanoatida muhim rol o‘ynaydi. Shahar ushbu innovatsion texnologiyalardan foydalanib, startaplar va yetakchi kompaniyalarga aylana oladigan isteʼdodlarni rivojlantirishga turtki bermoqda.

– Siz 2022-yilda Sirdaryo viloyati hokimi bilan uchrashgansiz. 2025-yil oktyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirgan edingiz, ammo u turli sabablarga ko‘ra bekor qilindi. Tejon va O‘zbekiston o‘rtasida hududlararo almashinuv va hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aloqalar qanday deb o‘ylaysiz?

– Fikrimcha, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat. Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona va hamkorlik munosabatlarini yil sayin rivojlanib bormoqda. O‘zbekistonda taxminan 170 ming koreys millatiga mansub aholi yashaydi. Bu raqamlar munosabatlarimizni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

2022-yilda Sirdaryo viloyati hokimi Tejonga tashrif buyurgan edi. O‘sha paytda ko‘plab ahamiyatli kelishuvlarga erishilgan. Biz shu yil oktyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirgan edik. Biroq, jadvaldagi tig‘iz vaqt tufayli tashrif amalga oshmay qoldi. Men doim keraksiz tashriflardan ko‘ra, amaliy, maqsadli chora-tadbirlarni afzal bilaman. Agar kelgusi yil imkoniyat bo‘lishi bilan, albatta, yurtingizga tashrif buyuramiz.

– Tejondagi oliy taʼlim muassasalari o‘zbek talaba yoshlariga qanday imkoniyatlarni taklif qiladi?

 Hozirda Tejondagi universitetlarda taxminan 13 yarim mingga yaqin xorijlik talaba tahsil olmoqda. Shundan 420 nafari o‘zbekistonlik. Bu talabalarning Tejonda tadqiqot olib borishi, magistr va doktorlik darajalarini olishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Hatto, ish faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun ham imkoniyatlar mavjud.

– Kelajakda ikki mamlakat o‘rtasida yoshlar va madaniy almashinuv dasturlarini joriy etish bo‘yicha fikringiz qanday?

– Avvalo, birodar va do‘st shaharlar o‘rtasidagi hamkorlik juda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlashim kerak. Men madaniyat, sanʼat va sportning barcha sohalarida almashinuvlarni rivojlantirish tarafdoriman. Tejon shahrida simfonik orkestr, raqs ansambli va xori, anʼanaviy musiqa guruhlari, umuman, turli xil sanʼat yo‘nalishida markazlar faoliyat yuritadi. Muntazam ravishda madaniyat va sanʼat bo‘yicha xalqaro tadbirlar o‘tkazilib kelinadi. Masalan, Tejon “Midnight” xalqaro festivalida O‘zbekiston sanʼat namoyondalari ham ishtirok etishi mumkin.

– O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi o‘rnini qanday baholaysiz?

 So‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidentining faol va uzoqni ko‘zlagan mintaqaviy siyosati tufayli nafaqat o‘zaro ishonchni mustahkamlashga, balki mintaqa rivojiga to‘sqinlik qilayotgan ko‘p yillik kelishmovchiliklarga barham berishga muvaffaq bo‘lindi. Aynan Maslahat uchrashuvlari formatidagi muloqot davomida bahsli masalalarni, shu jumladan davlat chegaralarini delimitatsiya qilish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun asoslar yaratilgani alohida eʼtiborga loyiq.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjonning ham sammitga qo‘shilganini eshitdim. Bu mintaqaning diplomatik imkoniyatlarini yana-da oshirishiga zamin yaratadi. O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Janubi–Sharqiy Osiyo va Shimoli–Sharqiy Osiyoda ham ko‘plab mamlakatlar bilan aloqalarda muhim o‘ringa ega.

– 8-dekabr – O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni. Ushbu bayram arafasida o‘zbek xalqiga aytar so‘zingiz bormi?

 Mehmondo‘st o‘zbek xalqini O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan samimiy muborakbod etaman. Umid qilamanki, bu konstitutsiya asosida O‘zbekiston Markaziy Osiyodan tashqariga chiqib, jahon tarixida alohida o‘rin tutadigan millatga aylanadi. Tejon fuqarolari nomidan O‘zbekistonning ilm-fan, madaniyat va sanʼat, texnologiya va boshqa ko‘plab sohalarda yana-da rivojlanishi tilakdoshman va doim qo‘llab-quvvatlashimni bildiraman.

 

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish