Logo

Singapurda O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz ikki yilligiga bag'ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi

Oktabr 06, 2023. 16:15 • 2 daq

623
Singapurda O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz ikki yilligiga bag'ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi

 SINGAPUR, 6 oktyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Singapurdagi elchixonasi tomonidan O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz ikki yilligi munosabati bilan tantanali bayram kechasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Singapur rasmiy vakillari, shu jumladan parlament a'zolari, qator vazirlik va idora mas'ullari, qabul qiluvchi davlatning siyosiy, iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-tahliliy, madaniy doiralari, diplomatik korpus vakillari, shuningdek, Singapurda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Tantanali kechaning faxriy mehmoni sifatida Singapurning mudofaa ishlari bo'yicha katta davlat vaziri Xeng Chi Xou va parlament a'zolari Lyan Eng Xva hamda Tin Pey Ling qatnashdi.

Mudofaa ishlari bo'yicha katta davlat vaziri Xeng Chi Xou o'z nutqida, O'zbekiston va Singapur o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganidan buyon mamlakatlarimiz o'rtasida doimiy va mustahkam hamkorlik yo'lga qo'yilganini ta'kidladi. «Bu hamkorlik nafaqat ikki tomonlama, balki ko'p tomonlama shakllarda ham rivojlanib bormoqda. Bunga O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Singapurning sobiq Prezidenti Halima Yaqubning muhim davlat tashriflari katta ahamiyatga ega», dedi u.

Shuningdek, Xeng Chi Xou O'zbekistonning taraqqiyot yo'lini, uning madaniy-tarixiy merosini, Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi shaharlardagi me'morchilik moʻjizalarini chuqur anglash va qadrlashini qayd etdi.

O'zbekistonning Singapurdagi elchisi Qahramon Shakirov o'z navbatida, 2023 yil ikki tomonlama munosabatlar yilnomasiga tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan yil sifatida muhrlanganini ta'kidladi. «Yanvar oyida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga tashrifi hamda joriy yilning may oyida Singapurning sobiq Prezidenti Halima Yaqubning O'zbekistonga javob davlat tashrifini e'tirof etish kerak. Ushbu muhim davlat tashriflari ikki tomonlama aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda», dedi O'zbekiston elchisi.

Tadbirning madaniy dasturi doirasida mamlakatimizning turizm va madaniy-gumanitar salohiyatiga bag'ishlangan fotoko'rgazma tashkil etildi. Bayram kechasi yakunida uyushtirilgan konsert dasturi esa barchaga birdek xush kayfiyat ulashdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish