Logo

O‘zbekiston va Vengriya professional taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Aprel 02, 2026. 10:02 • 2 daq

39
O‘zbekiston va Vengriya professional taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

BUDAPESHT, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov va Vengriya Madaniyat va innovatsiyalar vazirligining professional taʼlim masalalari bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari Palmai Gergeli o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish hamda professional tayyorgarlikka zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Asosiy eʼtibor nazariy bilimlarni ish joyidagi amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtiruvchi dual taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratildi. Shuningdek, yoshlarning kasbiy o‘sishiga xizmat qiluvchi innovatsion va taʼlim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.

Vengriya tomoni hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlarni muhokama qilish uchun ekspertlar darajasida onlayn-muzokaralar tashkil etishni taklif qildi.

O‘zbekiston va Vengriyaning professional taʼlim sohasidagi hamkorligi talabalar va pedagoglar uchun tajriba almashish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashda yangi ufqlarni ochadi.

Ilg‘or taʼlim amaliyotlari va dual o‘qitish tizimining joriy etilishi yoshlarga nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham muvaffaqiyatli kasbiy faoliyat yuritish imkonini beradi va ikki davlat o‘rtasidagi ilm-fan, texnologiyalar hamda innovatsiyalar sohasidagi strategik sheriklikni mustahkamlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish