Logo

Sankt-Peterburgda bo'lib o'tgan tadbir muhim mavzuga bag'ishlandi

Oktabr 03, 2023. 17:07 • 2 daq

584
Sankt-Peterburgda bo'lib o'tgan tadbir muhim mavzuga bag'ishlandi

SANKT-PETERBURG, 3-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Sankt-Peterburgda O'zbekiston davlat mustaqilligining 32 yillik bayramiga bag'ishlangan tantanali bayram tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri. 

Unda mahalliy hukumat vakillari, Sankt-Peterburg shahrida faoliyat yuritib kelayotgan xorijlik diplomatlar, sayyohlik kompaniyalari, vatandoshlarimiz va talabalar vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni ochar ekan, mamlakatimiz bosh konsuli O'zbekistonning mustaqil rivojlanish yillari davomida erishgan muvaffaqiyatlari, Rossiya bilan ikki tomonlama aloqalar va ularning tobora ravnaq topib borayotgani, shu bilan birga, yurtimizning boy sayyohlik salohiyati, bugungi kunda inson qadrini ulug'lash va xalq manfaati yo'lida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqidagi ma'lumotlarni o'rtoqlashdi. U, shuningdek, xorijda doimiy va vaqtincha mehnat qilayotgan vatandoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida to'xtaldi. 

Tantanali tadbir doirasida o'lkamizga rossiyalik sayyohlarni jalb etishda jonbozlik ko'rsatayotgan uch sayyohlik firmasi rahbarlariga Sankt-Peterburg–Toshkent–Sankt-Peterburg yo'nalishlaridagi bepul aviachiptalar taqdim etildi.

Sankt-Peterburg hukumati tashqi aloqalar qo'mitasi raisining o'rinbosari Yevgeniy Kassyura O'zbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan tabriklar ekan, ushbu shahar gubernatori Aleksandr Beglovning bayram tabrigini o'qib eshittirdi.

O'z navbatida, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Sankt-Peterburgdagi vakolatxonasi rahbari Valentin Zapevalov ikkim mamlakatlarni uzoq yillik do'stlik va hamkorlik tarixi birlashtirishini, bu esa samarali hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratganini qayd etar ekan, o'zaro do'stona va ishbilarmonlik aloqalar bundan keyin ham rivojlanib borishiga umid bildirdi.

Tantanali marosim ishtirokchilari o'zbekistonlik va rossiyalik san'atkorlardan iborat madaniy guruhning chiqishlaridan hamda o'zbekona mehmondo'stlikdan ham bahramand bo'lishdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish