O'zbekiston va Belarus maktab o'quvchilari ishtirokida "Sening jasorating mangu" mavzusida xalqaro xotira darsi o'tkazildi
Mart 01, 2025. 12:39 • 3 daq
• 149
MINSK, 1-mart. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi va O'zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi G'ulom Yoqubov xotirasiga bag'ishlangan "Sening jasorating mangu" mavzusida onlayn xalqaro xotira darsi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda "Svitanak" Belarus madaniyat markazi vakillari, O'zbekiston va Belarus maktablari o'quvchilari va o'qituvchilari, shuningdek, ikki mamlakat muzey majmualari vakillari ishtirok etdi.
O'zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sabirov o'z nutqida, o'zbek xalqining jasur farzandlari Ikkinchi jahon urushida ko'rsatgan qahramonliklari haqida so'zlab berdi. Buyuk G'alabaga hissa qo'shgan yurtdoshlarimizning jasorati haqidagi tarixiy ma'lumotlarni kelajak avlodlarga yetkazish zarurligi qayd etildi. Urush davrida O'zbekiston yuksak insonparvarlik namunasini ko'rsatdi, xalqimiz esa respublikaga evakuatsiya qilingan turli millat vakillariga nisbatan beg'araz qalb saxovati va samimiy g'amxo'rligini namoyon etgani alohida urg'ulandi.
O'zbekiston Mudofaa vazirligi "G'alaba bog'i" yodgorlik majmuasi direktori Shuhrat Yusupov davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi yillarida yurtdoshlarimizning front va front ortidagi jasoratlarini yosh avlodga keng tushuntirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga to'xtaldi.
O'zbekiston elchisi Rahmatulla Nazarov tadbir ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi. Shuningdek, u ishtirokchilariga urush yillarida Belarus zaminini himoya qilgan o'zbekistonlik jangchilar haqida so'zlab berdi. Elchi xotira darsi ishtirokchilariga Belarusda nashr etilgan "Hamma uchun yagona G'alaba" kitobini taqdim etdi. Ushbu kitobda mingdan ortiq o'zbekistonlik askarlarning ismlari kiritilgani va "Unutilmagan nomlar" xotira ro'yxati e'lon qilinganligi bildirildi.
Xotira darsi davomida ikki qardosh respublika maktablari o'quvchilari ishtirokchilarga G'ulom Yoqubovning jasorati haqida hikoyalar, uning dafn etilgan joyidan videolavhalar hamda Belarus' va O'zbekiston hududida qahramon xotirasini abadiylashtirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berishdi.
Ikkinchi jahon urushi qahramoni, Andijon viloyati Asaka tumani Mirzaobod qishlog'ida tug'ilgan G'ulom Yoqubov urush boshlanganda birinchilardan bo'lib o'z ixtiyori bilan frontga otlandi.U 1-Belarus frontida jang qilgan.
Minsk shahri, Andijon viloyatining Asaka shahridagi ko'chalarga G'ulom Yoqubov nomi berilgan. Asaka va Andijon shaharlarida G'ulom Yoqubovning byusti o'rnatilgan. 2022-yil avgust oyida esa Minskdagi 36-sonli o'rta maktabga qahramon nomi berildi.
Shuningdek, tadbirda G'ulom Yoqubov qarindoshlari xotiralari aks etgan va qahramonning tug'ilgan qishlog'iga oid videolavhalar namoyish etildi.
Maktab o'quvchilari ijrosidagi vatanparvarlik mavzusidagi badiiy dastur tadbirga o'zgacha shukuh bag'ishladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi