Jersi orolida o‘zbek askarini qutqargan oila vakillariga “Do‘stlik” ordeni tantanali ravishda topshirildi
May 08, 2026. 09:00 • 3 daq
• 386SENT-XELIYER, 8-may. /“Dunyo” AA/. Jersi orolida Ikkinchi jahon urushi yillarida fashistlar konslageridan qochgan o‘zbek askari Boqijon Akramovning hayotini saqlab qolgan Jon va Fillis Emili Le Bretonlar oilasiga O‘zbekistonning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga ulkan hissa qo‘shgan insonlar xotirasi yana bir bor yodga olinmoqda. Ikkinchi jahon urushi davrida sodir bo‘lgan ushbu voqea oradan 80 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, xalqlar o‘rtasidagi insoniylik va o‘zaro mehr timsoli sifatida qadrlanmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qaroriga muvofiq, Buyuk Britaniya fuqarolari – marhum Jon va Fillis Emili Le Bretonlar “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
O‘zbekistonning Londondagi elchisi Ravshan Usmonov Jersi oroliga tashrif buyurib, mukofotni marhum oilaning farzandlari – Dalsi va Alan Le Bretonlarga tantanali ravishda topshirdi.
Taqdirlash marosimi Dalsi Le Breton davolanayotgan “Cheval Roc” qariyalar uyida bo‘lib o‘tdi. Unda muassasa rahbariyati, mahalliy aholi, “Jersey Heritage” tashkiloti vakillari hamda “BBC”, “ITV” va boshqa ommaviy axborot vositalari jurnalistlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan muassasa rahbari Nik Betani britaniyalik oilaning insonparvarligini yuksak baholagan O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi. U mukofotning Jersi oroli fashistlar istilosidan ozod etilganining 81 yilligi arafasida topshirilgani alohida ramziy ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Dalsi va Alan Le Bretonlar ota-onalari xotirasini iliq so‘zlar bilan yodga olib, O‘zbekiston xalqiga samimiy minnatdorlik bildirdi. Ular fashizm butun insoniyat uchun tahdid bo‘lganini, g‘alaba esa xalqlarning birligi va o‘zaro yordami tufayli qo‘lga kiritilganini taʼkidladi.
Shuningdek, ular Boqijon Akramov haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashib, oila aʼzolari orasida “Tom amaki” nomi bilan tanilgan o‘zbek askari mehnatkashligi, kamtarligi va insoniy fazilatlari bilan qisqa vaqt ichida oilaning mehrini qozonganini qayd etdi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida boshlangan ushbu voqea bugungi kunda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va insoniy qadriyatlarning ramziga aylangan. U “BBC” va Britaniyaning boshqa yetakchi ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritildi.
Jersi – La-Mansh bo‘g‘ozida joylashgan Normandiya orollarining eng yirigi bo‘lib, 1940 yil iyul oyida fashistlar tomonidan bosib olingan. U yerda harbiy infratuzilma va yerosti bunkerlari barpo etilgan.
Oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishlagan Boqijon Akramov urush boshlangach, armiyaga safarbar etilgan va Ukraina frontiga jo‘natilgan. Janglardan birida nemis qo‘shinlari 12 ming sovet askarini qirib tashlagan. U kabi tirik qolganlar asir olingan va boshqa sovet askarlari qatori konslagerga jo‘natilgan.
1942-yil iyul oyida u ikki ming asir bilan birga Jersi oroliga olib kelinib, yerosti tunnellar qurilishiga jalb etilgan. Oylab davom etgan ochlik va og‘ir sinovlar qaramasdan, u asirlikdan qochishga muvaffaq bo‘lgan.
Le Bretonlar oilasi esa hayotini xavf ostiga qo‘yib, qochqin askarga o‘z uyidan boshpana berib, uni deyarli uch yil davomida fashistlardan yashirib kelgan. 1945-yil may oyida Boqijon Akramov o‘z Vatani – O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Jon va Fillis Emili Le Bretonlarning bu jasorati insonparvarlikning yorqin namunasi sifatida abadiy qadrlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




