Varshavada Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan futbol musobaqasi bo‘lib o‘tdi
May 09, 2026. 15:00 • 2 daq
• 101
VARSHAVA, 9-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tashabbusi bilan ushbu davlatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar o‘rtasida futbol musobaqasi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbir Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasini abadiylashtirish, tinchlik va birdamlik qadriyatlarini mustahkamlashga bag‘ishlandi.
Musobaqaning ochilish marosimida elchixona vakillari ishtirokchilarga mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi hamda sportga faol jalb etishga qaratilgan davlat siyosati haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, vatandoshlarga konsullik-huquqiy masalalar, ularning huquq va majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi hamda Polsha qonunchiligiga qat’iy rioya qilish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Yoshlar bilan muloqot davomida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, fuqarolik mas’uliyatini oshirish, kasbiy o‘sish va halol mehnat orqali jamiyatda munosib o‘rin egallash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Madaniy-ma’rifiy va jamoatchilik tashabbuslarida ishtirok etish hamyurtlar o‘rtasidagi birdamlikni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda xorijda O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Ushbu turnir Polshadagi o‘zbek diasporasini jipslashtirish, yurtdoshlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash va diplomatik vakolatxona bilan bevosita hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilgani ta’kidlandi.
Musobaqa sog‘lom raqobat ruhida o‘tkazilib, guruh bosqichi, yarim final va final uchrashuvlarini o‘z ichiga oldi. Turnir yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar elchixona tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir so‘ngida mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari hamda an’anaviy shirinliklar tortiq etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi