Minsk shahridagi o‘zbekistonlik G‘ulom Yoqubov nomidagi o‘rta maktabda miting-rekviyem bo‘lib o‘tdi
May 20, 2026. 12:55 • 3 daq
• 145MINSK, 20-may. /“Dunyo” AA/. Minsk shahridagi Sovet Ittifoqi Qahramoni G‘ulom Yoqubov nomidagi 36-o‘rta maktabda Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba kuni hamda tinchlik va ozodlik yo‘lida jon fido qilgan sovet jangchilari xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Minsk shahridagi maktablar o‘quvchilari, faxriy mehmonlar, diplomatik korpus va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosimda MDH Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Igor Petrishenko boshchiligidagi MDH Ijroiya qo‘mitasi delegatsiyasi, Hamdo‘stlik davlatlarining doimiy vakillari, Minsk shahri Lenin tumani maʼmuriyati rahbariyati, Belarusda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Igor Petrishenko hozirgi avlod ajdodlar jasorati xotirasini asrab-avaylashi zarurligini taʼkidladi.
– Biz ajdodlarimizning buyuk jasoratini doimo yodda saqlashimiz kerak. Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan o‘zbek xalqining jasur farzandi G‘ulom Yoqubov xotirasi insonlar qalbida abadiy yashaydi. Bu xotirani kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning burchimizdir, – dedi u.
Shuningdek, Igor Petrishenko MDH Davlat rahbarlari kengashi qarori bilan taʼsis etilgan “Mehnat shuhrati shahri” faxriy unvoni haqida ham to‘xtaldi. Qayd etilishicha, 2025-yilda G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan Hamdo‘stlikka aʼzo davlatlarning o‘n to‘qqiz shahri mazkur unvonga sazovor bo‘lgan. Ular qatorida Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona shaharlari ham bor.
O‘z navbatida, elchixona vakillari o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritdi. Xususan, ikki millionga yaqin o‘zbekistonlik frontlarda jang qilgani, ularning 500 mingdan ortig‘i halok bo‘lgani va 800 mingdan ziyodi yaralangani taʼkidlandi.
Shu bilan birga, urush yillarida O‘zbekiston frontning muhim oziq-ovqat bazalaridan biriga aylangani, respublikaga ko‘plab zavod va korxonalar evakuatsiya qilingani qayd etildi. Mamlakatga 1,5 millionga yaqin aholi, jumladan, urush jabrdidasi bo‘lgan hududlardan 200 mingga yaqin bola evakuatsiya qilingani aytildi. O‘zbek oilalari evakuatsiya qilingan bolalarni bag‘rikenglik bilan qabul qilib, ularga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatgani alohida eʼtirof etildi.
Tadbir doirasida umumiy G‘alaba yo‘lida kurashgan Sovet Ittifoqi Qahramonlari – MDH davlatlari vakillarining portretlari namoyish etildi. Ular orasida G‘ulom Yoqubov (O‘zbekiston), Oraz Annayev (Turkmaniston), Sundutqali Isqaliyev (Qozog‘iston), Domullo Azizov (Tojikiston), Jumash Asanaliyev (Qirg‘iziston), Habibulla Guseynov (Ozarbayjon), Martiros Nagulyan (Armaniston), Vladimir Martinov (Rossiya), shuningdek, ikki karra Sovet Ittifoqi Qahramoni Pavel Golovachyov (Belarus) ham bor edi. Ishtirokchilarga qahramonlarning hayoti va jasorati haqida maʼlumot berildi.
Tadbir yakunida qahramonlar xotirasi yod etildi. Maktab o‘quvchilari tinchlik ramzi sifatida osmonga oq kaptarlar uchirdi. Marosim so‘nggida ishtirokchilar 36-maktab hovlisida o‘rnatilgan G‘ulom Yoqubov xotira lavhasi poyiga gullar qo‘ydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi










