“Ar-Rai”: Yangi Toshkentni qurish konsepsiyasida transport va muhandislik infratuzilmasiga alohida e’tibor qaratilgan
Noyabr 24, 2026. 13:40 • 2 daq
• 19
AL-KUVAYT, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. “Ar-Rai” nashrida O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi Ayubxon Yunusov bilan Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan istiqbolli investitsiya loyihalariga bag‘ishlangan intervyu e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Kuvayt nashridagi intervyuning asosiy mavzusi O‘zbekistonda barpo etilayotgan yangi shahar va unda xorijiy, jumladan, kuvaytlik sarmoyadorlar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar haqidagi ma’lumotlardan iborat.
Intervyuda Yangi Toshkentdagi qurilishlar oddiy turar joylar bunyod etilishi bilan cheklanmay, biznes, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy infratuzilma va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unlashgan yangi shahar muhitini shakllantirishga qaratilgani qayd etilgan.
Loyihaning umumiy maydoni qariyb 20 ming gektar bo‘lib, uning birinchi bosqichi 6 ming gektar hududni qamrab oladi. Birinchi bosqichda rejalashtirilgan investitsiya loyihalarining umumiy qiymati 50 milliard dollargacha baholanmoqda. Shahar istiqbolda 2 milliongacha aholiga xizmat ko‘rsatadigan infratuzilma bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Kuvayt kompaniyalari uchun qiziqish uyg‘otishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar qatorida mehmonxona va savdo majmualari, ko‘p funksiyali binolar, ofislar, turar joy obyektlari, xususiy shifoxonalar, ta’lim muassasalari hamda madaniy-ko‘ngilochar inshootlar bor. Bu qurilish va developmentdan tashqari, obyektlarni boshqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ham sheriklik imkoniyatlarini ochadi.
Elchining ta’kidlashicha, yangi shahar konsepsiyasida transport va muhandislik infratuzilmasiga alohida e’tibor qaratilgan. Metro va yo‘l tarmoqlari, suv va elektr ta’minoti, raqamli aloqa, yashil hududlar va jamoat makonlari shaharning uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Sarmoyadorlar uchun yer uchastkalarini elektron auksionlar orqali taqdim etish, loyihaning ko‘lamiga qarab to‘lov va moliyalashtirish shartlarini belgilash, ayrim toifadagi investitsiyalarga soliq va bojxona yengilliklarini qo‘llash kabi mexanizmlar taklif etilmoqda. Aniq shartlar tegishli investitsiya kelishuvlarida belgilanadi.
Suhbatdosh Kuvayt ishbilarmon doiralariga O‘zbekistondagi yirik qurilish, ko‘chmas mulk, xizmat ko‘rsatish va texnologik tashabbuslar haqida ham ma’lumot bergan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi