Xorazm viloyati delegatsiyasi Qozog‘istonga mahsulotlar eksportini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi
Oktabr 12, 2026. 14:00 • 2 daq
• 316OQTOV, 12-oktabr. /“Dunyo” AA/. Xorazm viloyati hokimligining ishchi guruhi Qozog‘iston bozoriga o‘zbek mahsulotlari eksportini kengaytirish maqsadida Oqtov shahriga tashrif buyurdi va mahalliy portlar, savdo kompaniyalari hamda ishbilarmon doira vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bosh konsulxona ko‘magida Oqtov va Kuriq xalqaro portlari rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda o‘zbek delegatsiyasiga mahsulotlarni tranzit va eksport qilish shart-sharoitlari hamda imkoniyatlari tanishtirildi.
Mang‘istau viloyatida delegatsiya yirik ulgurji va chakana savdo majmualari faoliyatini o‘rgandi, shuningdek, Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar hamda mahalliy distribyutorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Mintaqadagi yirik yetkazib beruvchilardan biri hisoblangan “Kazfruyt” MCHJ bosh direktori Zamin Safarov bilan alohida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Xorazm viloyati eksportchilari bilan aloqalarni kengaytirish va qo‘shimcha mahsulotlar yetkazib berishni ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Delegatsiya, shuningdek, kompaniyaning ulgurji savdo sohasidagi tajribasini ham o‘rgandi.
Bundan tashqari, viloyat vakillari Oqtovning yirik “Asars” va “Ko‘k bozor” savdo majmualarida bo‘lib, o‘zbek mahsulotlari logistikasi, yetkazib berish mavsumiyligi, tovarlarning yakuniy narxiga ta’sir etuvchi omillar hamda mahalliy bozorda savdo qilish qoidalari bilan tanishib chiqdilar.
Tashrif doirasida Mang‘istau viloyati hokimiyati, “Atameken” mintaqaviy tadbirkorlar palatasi va mahalliy biznes vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, O‘zbekistonning eksport mahsulotlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Asosiy masalalardan biri Oqtovda Xorazm viloyati mahsulotlarini namoyish etish uchun shourum ochish bo‘ldi. Shuningdek, tomonlar Oqtov shahrida Xorazm viloyatining eksport mahsulotlari yarmarkalarini tashkil etish va targ‘ib qilish masalalarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



