Yaponiyada O‘zbekiston tog‘-kon sanoati ilg‘or texnologiyalari namoyish qilindi
Oktabr 12, 2026. 18:27 • 2 daq
• 104TOKIO, 12-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Yaponiyada foydali qazilmalarni ekologik jihatdan barqaror usulda qazib olish va qayta ishlash, geologiya-qidiruv ishlarida masofadan zondlash texnologiyalarini qo‘llashga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«JICA bilimni birgalikda yaratish dasturlari» doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Madagaskar, Mozambik, Argentina, Laos, Serbiya, Malavi, Namibiya, Tanzaniya, Zambiya va Zimbabve vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchi mamlakatlar vakillari tog‘-kon sanoatining holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan ma’ruzalar qildi.
O‘zbekiston tomoni respublikada tog‘-kon sanoati sohasida erishilgan yutuqlar, mineral-xomashyo bazasi va sohaning iqtisodiy salohiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Taqdimotda oltin, uran, mis, litiy va boshqa strategik muhim resurslarni qazib olish hamda qayta ishlashni rivojlantirish, sanoatni modernizatsiya qilish, geologiya-qidiruv ishlarida masofadan zondlash usullaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
Mineral-xomashyo salohiyatining mamlakat iqtisodiy o‘sishi, sanoat taraqqiyoti va eksport imkoniyatlarini kengaytirishdagi ahamiyati qayd etildi. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni jalb etish hamda geologiya-qidiruv, qazib olish va qayta ishlash sohalarida tajriba almashish istiqbollari taqdim etildi.
Muhokamalar jarayonida sohani nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshirish, balki zamonaviy ekologik talablarga rioya qilish, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va chiqindilarni qayta ishlashni takomillashtirish asosida rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekistonning mazkur dasturda ishtirok etishi xorijiy hamkorlar bilan tajriba almashish, foydali qazilmalarni barqaror o‘zlashtirish va sohani texnologik jihatdan modernizatsiya qilish bo‘yicha Yaponiyaning ilg‘or yondashuvlarini o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

