O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

Oktabr 12, 2026. 19:04 • 2 daq

• 91
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

TOSHKENT, 12-oktyabr./«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston tomonidan Avazada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi, MDH sammiti va Kaspiy ekologik forumiga samarali raislik qilingani hamda ularni muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

Turkmanistonning mintaqaviy muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim rolini yana bir bor namoyon etgan mazkur tadbirlar alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Erishilgan kelishuvlar mintaqada izchil taraqqiyot va osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan sheriklikning yangi istiqbollarini ochmoqda.

Suhbat davomida izchil rivojlanib, amaliy mazmun bilan boyib borayotgan O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sherikligining barqaror ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish, transport-logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish muhimligini ta’kidladilar.

Avazada O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etish to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolanganiga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu mexanizmni ishga tushirish ikki tomonlama kun tartibining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha sa’y-harakatlarni tizimli muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Yetakchilar oliy darajadagi bo‘lajak tadbirlar rejasini ham muhokama qildilar.

Yakunda ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, mushtarak tarix va madaniy an’analarga asoslangan O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligini izchil rivojlantirish hamda Markaziy Osiyoda tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni yanada mustahkamlashga o‘zaro intilish qat’iy ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish