«HauptstadtEcho»: O‘zbekistonda ta’lim va pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda

Oktabr 12, 2026. 17:39 • 2 daq

• 21
«HauptstadtEcho»: O‘zbekistonda ta’lim va pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda

BERLIN, 12-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Germaniyaning «HauptstadtEcho» nashrida O‘zbekistonda ta’lim va pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Maqolada ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda 1-oktyabr kuni O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev pedagoglar, ta’lim sohasi vakillari bilan uchrashib, ularning yosh avlodni o‘qitish va tarbiyalashdagi muhim xizmatini munosib taqdirladi.

Nashrda ta’lim infratuzilmasini kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tilgan. Jumladan, so‘nggi o‘n yilda 1,8 million o‘rinli bog‘chalar va 1,5 million o‘rinli maktablar barpo etilgan, 10 mingdan ziyod ta’lim muassasasi zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan.

O‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish sohadagi muhim o‘zgarishlardan biri sifatida yoritilgan. Xususan, mamlakatda 40 ming nafar o‘qituvchi ming AQSH dollari va undan yuqori, 1,5 ming nafar pedagog esa ikki ming dollardan ziyod maosh olayotgani keltirilgan. Ustozlarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or tajribalarini ommalashtirish va mehnatini munosib baholashga qaratilgan chora-tadbirlar ham materialda aks etgan.

Materialda joriy yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro olimpiadalarda 228 ta medalni qo‘lga kiritgani, PISA reytingida 15 yoshli o‘quvchilar tabiiy fanlar bo‘yicha 32 pog‘ona yuqorilab, 48-o‘rinni egallagani ta’kidlangan. Maktabda o‘qish davridayoq xorijiy til va fan sertifikatlariga ega bo‘lgan yoshlar soni 100 ming nafarga yetgan.

Muallif Germaniya bilan dual kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikka ham alohida to‘xtalib o‘tgan. «GP Günter Papenburg AG» kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi Angela Papenburg hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) loyihasi rahbari Mattias Klingenbergning O‘zbekiston Prezidenti tomonidan «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlanganini alohida e’tirof etgan. 

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish