O‘zbekiston eksportchilari uchun Shanxay va Urumchi shaharlarida biznes-missiyalar tashkil etildi
Avgust 13, 2026. 14:30 • 2 daq
• 146PEKIN, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston eksportchi korxonalari vakillari uchun Xitoyning Shanxay va Urumchi shaharlarida biznes-missiyalar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi hamda Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi hamkorligida tashkil etilgan xizmat safarida Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlaridan eksportchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Shanxayda mahalliy yirik importyorlar, savdo tarmoqlari va elektron tijorat platformalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston mahsulotlarini Xitoy bozoriga yetkazib berish geografiyasini kengaytirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston korxonalari o‘zining ishlab chiqarish quvvati, mahsulot assortimenti, sifat ko‘rsatkichlari, eksport tajribasi va yetkazib berish imkoniyatlarini taqdim etdi. Xitoylik hamkorlarga mahsulot namunalari, kataloglar va tijorat takliflari taqdim etildi.
B2B formatidagi muzokaralarda import tartib-taomillari, narx shakllanishi, logistika, markirovka, sertifikatlash va mahsulotlarni sotuv kanallariga chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi.
Biznes-missiyaning Urumchidagi dasturi doirasida ham mahalliy importyorlar va savdo kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, bond zonasida O‘zbekiston korxonalarining eksport salohiyati, mahsulot turlari, ishlab chiqarish quvvatlari va Xitoy bozori uchun takliflari yuzasidan taqdimotlar tashkil etildi.
Shuningdek, bond zonasi hududida O‘zbekiston mahsulotlarini namoyish etish va sotishga mo‘ljallangan milliy ko‘rgazma-savdo markazi ochildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



