O‘zbekiston Belgraddagi “Wine Vision by Open Balkan” xalqaro ko‘rgazmasida ilk bor milliy stend bilan qatnashmoqda
Oktabr 13, 2026. 14:30 • 2 daq
• 133
BЕLGRAD, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Serbiya poytaxtida o‘tkazilayotgan “Wine Vision by Open Balkan” xalqaro ko‘rgazmasida ilk bor o‘z milliy stendi bilan ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ko‘rgazmada mamlakatimiz nomidan “Chator Hamkor” kompaniyasi qatnashmoqda. Uning ko‘magida tashrif buyuruvchilarga mahalliy vinochilik mahsulotlari, milliy ichimliklar, shuningdek, yurtimizning boy turistik salohiyati taqdim etilmoqda.
Tadbirning ilk kunida O‘zbekiston milliy stendiga Serbiya Hukumati vakillari – madaniyat vaziri Nikola Selakovich, ta’lim vaziri Deyan Stankovich, sport vaziri Zoran Gaich, xalqaro iqtisodiy hamkorlik vaziri Nenad Popovich, shuningdek, diplomatik korpus va ishbilarmon doiralar vakillari tashrif buyurdilar.
Serbiya tomoni O‘zbekistonning ushbu ko‘rgazmadagi ishtirokini yuqori baholab, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Xususan, o‘zbek mahsulotlarini Serbiya va Yevropa davlatlari bozorlariga olib chiqish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida bir qator xorijiy davlatlarning profilli kompaniyalari vakillari bilan ham muzokaralar o‘tkazilib, o‘zbek mahsulotlarini targ‘ib qilish, yangi distributsiya kanallarini o‘rganish va to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yilgi “Wine Vision by Open Balkan” ko‘rgazmasida 30 ta davlatdan 600 dan ortiq kompaniya qatnashmoqda, shuningdek, 2 mingdan ortiq B2B formatdagi uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi