Germaniyadagi xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston alyuminiy mahsulotlari namoyish etildi
Oktabr 13, 2026. 10:30 • 2 daq
• 180DYUSSЕLDORF, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida yurtimizning “AKFA” kompaniyasi Germaniyaning Dyusseldorf shahrida bo‘lib o‘tgan alyuminiy sanoatining nufuzli “ALUMINIUM 2026” xalqaro ko‘rgazmasida o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Kompaniya stendida xorijiy mehmonlar va soha mutaxassislariga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli mahsulotlar, shuningdek, mahalliy sanoatning alyuminiy buyumlarini chiqarish bo‘yicha ulkan salohiyati keng tanishtirildi.
Ko‘rgazma doirasida “AKFA” vakillari yetakchi xorijiy kompaniyalar rahbarlari bilan qator muzokaralar o‘tkazdilar. Uchrashuvlarda istiqbolli biznes hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yetkazib berish geografiyasini kengaytirish va yangi sheriklik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etish joizki, “ALUMINIUM” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi dunyoning alyuminiy ishlab chiqaruvchilari, qayta ishlovchilari, uskuna va texnologiyalar yetkazib beruvchilari hamda mazkur xomashyodan foydalanuvchi sanoat tarmoqlari vakillarini o‘zida birlashtiradi. Mazkur nufuzli anjuman turli mamlakatlardan 800 dan ortiq eksponent va hamkorlarni hamda 21 mingdan ziyod professional tashrif buyuruvchini qamrab oladi.
“AKFA” kompaniyasining mazkur xalqaro tadbirda ishtirok etishi korxonaning eksport salohiyatini yanada kengaytirish, uning tashqi bozorlardagi mavqeini mustahkamlash hamda “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlarni jahon arenasida faol targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



