Vengriya O‘zbekistondan tibbiyot kadrlarini jalb qilishdan manfaatdor
Noyabr 22, 2026. 16:30 • 2 daq
• 43
BUDAPЕSHT, 22-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriya Sog‘liqni saqlash vazirligining parlament davlat kotibi Tamash Shved bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotda ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, Vengriyaning yangi hukumati bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish va strategik sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda qator muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Vengriya tomoni 2027-yilning birinchi choragida O‘zbekistonga mutaxassislar guruhini yuborib, tez tibbiy yordam xizmati hamda oilaviy poliklinikalar faoliyatini o‘rganishga qiziqish bildirdi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida Hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqish va uni 2027-yildagi yuqori darajadagi tashriflar doirasida imzolash imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, Vengriya tibbiyot muassasalarida O‘zbekistondan 5 nafar bemorni, asosan ayollar va bolalarni, bepul davolash bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish taklif etildi.
Kadrlar sohasida ham hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Vengriya tomoni o‘zbekistonlik hamshiralar va o‘rta tibbiy personal vakillarini ishga jalb qilish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi. Bu borada O‘zbekistonning tibbiyot xodimlarini Yevropa mamlakatlarida ishga joylashtirish tajribasi yuzasidan ma’lumot almashishga kelishildi.
Erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga o‘tkazish maqsadida Tamash Shved 2027-yil yanvar oyida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yangi yo‘nalishlar bilan boyitish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va mutaxassislar almashinuvini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi