Janubiy Koreyadagi milliy tanlovda o‘zbek qizlari yuksak natijalarga erishdi
Noyabr 22, 2026. 17:00 • 2 daq
• 10SЕUL, 22-noyabr. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreya poytaxtida bo‘lib o‘tgan XIV Milliy ikki tilli nutq tanlovida o‘zbek diasporasining to‘rt nafar vakili sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sovrindor bo‘lgan hamyurtlarimizning uch nafari Koreya Respublikasi Ta’lim vazirligining rasmiy mukofotlariga ham sazovor bo‘ldi.
2013-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur tanlov yoshlarning ikki tilda so‘zlashish ko‘nikmalarini rivojlantirish, ona tili va milliy madaniyatini asrab-avaylash hamda koreys jamiyatiga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Bu yilgi tanlovning hududiy saralash bosqichlarida Janubiy Koreyaning 16 ta hududidan 1118 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Ularning 58 nafari finalga yo‘llanma oldi. Ishtirokchilar 16 ta tilda o‘z chiqishlarini namoyish etdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, vakillarimiz – Shirin Raximjonova (Tegu shahridan) bosh sovrin (Grand Prize)ga, Madina Buriboyeva (Chxunchxon-Pukto) oltin mukofot (Gold Prize)ga, Safina Vohobjonova (Kyonsan-Pukto) kumush mukofot (Silver Prize)ga hamda Mushtariybonu Ergasheva (Sejon) tashkilotchilarning maxsus mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Ushbu natijalar o‘zbek diasporasi vakillarining nafaqat ta’lim sohasidagi yutug‘i, balki yosh avlodning ona tili, milliy qadriyatlar va madaniy merosga bo‘lgan hurmatining ham yorqin namunasidir.
Yosh hamyurtlarimizning bunday nufuzli xalqaro tanlovdagi muvaffaqiyati O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlash, o‘zbek diasporasining jamiyatdagi nufuzini oshirish hamda mamlakatimizning ijobiy imijini targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


