Eron AQSH bilan sulh bitimi uzaytirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Avgust 12, 2026. 18:00 • 3 daq

169
Eron AQSH bilan sulh bitimi uzaytirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi

TEHRON–VASHINGTON, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Eron va AQSH o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni uzaytirish masalasini muhokama qilmagan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

Eronlik yuqori martabali manbaning agentlikka maʼlum qilishicha, Tehron kelishuvda ko‘zda tutilgan 60 kunlik muddat amalda boshlanmagan, deb hisoblaydi.

“Muddatni uzaytirish haqida gap bo‘lishi mumkin emas! Chunki Eron nazarida hali hech qanday davr boshlanmagan va shuning uchun uzaytiradigan narsaning o‘zi yo‘q”, – deyiladi manbada.

Bu bayonot Turkiyaning “Anadolu” agentligi Pokiston manbalariga tayanib, Tehron va Vashington go‘yoki iyun oyida erishilgan vaqtinchalik kelishuvda nazarda tutilgan 60 kunlik sulh rejimini uzaytirishga kelishib olgani haqida xabar tarqatganidan so‘ng yangradi.

Eron manbasiga ko‘ra, AQSH kelishuvga erishilganidan atigi 48 soat o‘tib, uni buzgan va bir necha kundan keyin bitimdan chiqqan. Suhbatdoshning taʼkidlashicha, ayni paytda vositachilar orqali Vashingtonning kelishuvlarga qaytishi va majburiyatlarni bajarish muddatlarini belgilash imkoniyati muhokama qilinmoqda, biroq bu masalada hozircha biror yutuqqa erishilmagan.

Iyun kelishuvi barcha yo‘nalishlarda harbiy harakatlarni to‘xtatishni va Eron bo‘yicha yakuniy bitimga erishish uchun 60 kunlik muddatni nazarda tutgan edi. Shartlar qatorida Livanda o‘t ochishni to‘xtatish, Fors ko‘rfazida erkin kemalar qatnovi va Eron neftini eksport qilish imkoniyati ham ko‘rib chiqilgan.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozining maqomi hal etilmagan asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Eron bo‘g‘ozni yana yopganini eʼlon qildi va kemachilikning to‘liq tiklanishini o‘z talablari, jumladan, Eron aktivlarini faollashtirish hamda Isroilning Livan va G‘azodagi urushlarini to‘xtatish bilan bog‘lamoqda. O‘z navbatida, AQSH Eron portlari qamalini tiklash orqali Tehronga bosimni kuchaytirdi.

Pokiston Eron va AQSH o‘rtasidagi vositachilikni davom ettirmoqda. Pokiston TIV iyun memorandumini “Tinchlik andozasi” deb atab, kelishuvlar amalda barbod bo‘lganiga qaramay, u kelajakdagi muzokaralar uchun asos bo‘lib qolishi mumkinligini qayd etdi.

Shu bilan birga, Eron Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon Pokiston Ichki ishlar vaziri Muhsin Naqviy bilan uchrashuv chog‘ida Tehronning Islomobod bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Islom inqilobi posbonlari korpusi qo‘mondoni maslahatchisi Muhammad Rizo Naqdiy “PBS” telekanaliga bergan intervyusida Eron Donald Trampning prezidentlik muddati tugaguniga qadar AQSH bilan qarama-qarshilikni davom ettirishi mumkinligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, potensial dushman ehtimoliy hujum bahosini anglashi uchun Tehron tiyib turish siyosatiga erishishi zarur.

Davom etayotgan vositachilik saʼy-harakatlari va muloqotlarga qaramay, Eron va AQSH hozircha avvalgi kelishuvlarga qaytishga tayyor emasligini namoyon etmoqda. Mojaroni to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish masalasi esa hal etilmay qolmoqda.

“AFP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish