O‘zbekistonning 38 ta oliy ta’lim muassasasi Osiyoning eng yaxshi universitetlari – “QS 2027” reytingidan joy oldi
Noyabr 04, 2026. 19:00 • 2 daq
• 220
TOSHKЕNT, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. “Quacquarelli Symonds” xalqaro reyting agentligi “QS World University Rankings: Asia 2027” Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingini e’lon qildi va undan O‘zbekistonning 38 ta oliy ta’lim muassasasi joy oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Ta’lim va ilm-fan vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan 19 tasi reytingning dastlabki mingtaligidan joy olgan bo‘lsa, 6 tasi top-500 talikka, 2 tasi esa top-200 talikka kirdi.
O‘zbekiston oliygohlari orasida Osiyoda 113-o‘rinni, Markaziy Osiyoda 4-o‘rinni egallagan “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti yetakchi bo‘ldi. O‘zbekiston Milliy universiteti Osiyo reytingida 196-o‘rinni, mintaqaviy reytingda esa 9-o‘rinni band etdi.
Eng yuqori baholanganlar qatoridan Samarqand davlat universiteti (215-o‘rin), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (255-o‘rin) va Toshkent davlat texnika universiteti (281-o‘rin) ham joy oldi.
O‘zbekistonning yana 14 ta oliy ta’lim muassasasi Osiyo reytingining 469-o‘rnidan 1000-o‘rnigacha bo‘lgan pog‘onalarida qayd etildi. Namangan, Toshkent, Urganch, Qarshi, Buxoro, Farg‘ona, Jizzax va Nukus oliygohlari shular jumlasidandir.
Mamlakatimizning qolgan 19 ta oliy ta’lim muassasasi 1001+ o‘rinlarni egalladi. Ular orasida Andijon davlat universiteti, Markaziy Osiyo universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Guliston davlat universiteti va boshqa oliy o‘quv yurtlari bor.
Vazirlikning ta’kidlashicha, erishilgan natijalar mamlakatimiz oliy ta’lim tizimidagi islohotlar, ilm-fan va ta’lim integratsiyasi hamda xalqaro hamkorlikning kengayib borayotganini aks ettiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi