Jahon okeani sathining ko‘tarilishi tufayli 300 milliongacha odam majburiy ko‘chirilishi mumkin
Sentabr 22, 2026. 17:00 • 3 daq
• 145
NYU-YORK, 22-sentabr. /“Dunyo” AA/. Jahon okeani sathining ko‘tarilishi asr oxiriga kelib 150 milliondan 300 milliongacha odamni o‘z uylarini tark etishga majbur qilishi, yana 500 millionga yaqin odam esa chuchuk suv va qishloq xo‘jaligi yerlaridan mahrum bo‘lishi mumkin, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqda BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarining iqlim masalalari bo‘yicha maxsus maslahatchisi Endryu Xarper “BMT yangiliklari”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Maslahatchining so‘zlariga ko‘ra, dengiz sathi allaqachon ko‘tarilmoqda. Ba’zi Tinch okeani davlatlarida global chiqindilarga qo‘shgan hissasi minimal bo‘lsa-da, bu sur’at jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan ikki baravarga o‘smoqda.
Masalan, Bangladeshda dengizning ko‘tarilishi tuproq va chuchuk suv manbalarining sho‘rlanishiga olib keladi. Bu qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladi. Moslashish imkoniyatlari ko‘p jihatdan resurslarga bog‘liq bo‘lib, ayrim aholi yerni mustahkamlashi va uylarini qoziqlar yordamida ko‘tarishi mumkin. Boshqalari esa mablaqqa ega emas va ketishga majbur.
“Odamlar moslashishga harakat qilishadi... Ammo buning uchun mablag‘i bo‘lmaganlar ketishga majbur bo‘ladi”, – deydi ekspert.
Hududlarni himoya qilish uchun o‘rmonlarni tiklash, qirg‘oqlarni mustahkamlash, drenaj tizimlarini yaratish, oldindanogohlantirish tizimini rivojlantirish va suv toshqini xavfi ostida bo‘lgan hududlarga boshqa odamlarning ko‘chib o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik taklif etilmoqda.
Biroq, aholi ko‘chishining butunlay oldini olish mumkin emas. Uning ko‘lamini aniq belgilash qiyin, chunki odamlarning ketish qaroriga bir vaqtning o‘zida suv toshqinlari, tuproqning sho‘rlanishi, hosilning yo‘qolishi, iqtisodiy va ijtimoiy muammolar ta’sir qiladi.
Shu sababli, odamlarga xavfsiz hududlarga ko‘chib o‘tishda yordam berish, ishlash hamda o‘zini ta’minlash imkoniyatini saqlab qolish uchun ko‘chirishni oldindan rejalashtirish kerak.
Ayrim mexanizmlar allaqachon yaratilmoqda. Avstraliya va Tuvalu o‘rtasidagi kelishuv doirasida Avstraliya har yili 280 nafargacha Tuvalu fuqarolariga doimiy viza olish, mamlakatda yashash, ishlash va o‘qish imkoniyatini beradi.
Sharqiy Afrikada mintaqaviy protokol tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishi oqibatlari tufayli chegaralarni kesib o‘tayotgan odamlarni kiritish hamda vaqtincha qolishini nazarda tutadi.
“Iqlim o‘zgarishi yoki dengiz sathining ko‘tarilishi kontekstida ko‘chish bo‘yicha maxsus xalqaro konvensiya mavjud emas. Ehtimol, hech qachon bo‘lmaydi ham. Chunki buning uchun xalqaro hamjamiyat yagona fikrga kelishi kerak bo‘ladi” – deydi BMT vakili.
Hududlari yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan davlatlar o‘z suvereniteti, xalqaro-huquqiy maqomi va dengiz zonalariga bo‘lgan huquqlarini saqlab qolishi kerak, degan yondashuv mavjud. Bu ularning fuqarolariga o‘z mamlakati bilan huquqiy aloqani saqlab qolish imkonini beradi.
Orol jamoalari uchun bu masala madaniy ahamiyatga ham ega. Chunki ona yer tarix, an’analar va ajdodlar bilan bog‘liq. Shuning uchun ko‘chish to‘g‘risidagi qarorlar aholining bevosita ishtirokida qabul qilinishi kerak.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi