Yevropa deputatlari FIFA rahbariga nisbatan surishtiruv o‘tkazishni talab qilmoqda

Iyul 08, 2026. 17:30 • 3 daq

92
Yevropa deputatlari FIFA rahbariga nisbatan surishtiruv o‘tkazishni talab qilmoqda
“AP” agentligi surati

BRYUSSEL, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Yevropa parlamentining o‘nlab deputatlari AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi bekor qilinganidan so‘ng FIFA prezidenti Janni Infantinoga nisbatan surishtiruv o‘tkazishni talab qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “AP” maʼlumotiga tayanib.

Yevropalik qonun chiqaruvchilarning fikricha, qaror AQSH prezidenti Donald Trampning aralashuvidan so‘ng siyosiy bosim ostida qabul qilingan bo‘lishi mumkin.

Deputatlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari futbol assotsiatsiyalariga FIFAning axloq qo‘mitasiga murojaat qilish hamda Janni Infantinoning roli, qaror qabul qilish jarayoni va ehtimoliy siyosiy aralashuvni rasman tekshirishga erishishga undovchi xatni yubormoqda. Hozirgi kunga kelib murojaatni 35 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan.

Ushbu holatga 2-iyul kuni jahon chempionatining AQSHning Bosniya va Gersegovinaga qarshi o‘yinida, qizil kartochka olgan futbolchi Folarin Balogun bilan bog‘liq vaziyat sabab bo‘ldi. FIFA qoidalariga ko‘ra, bu keyingi uchrashuvni avtomatik ravishda o‘tkazib yuborishni anglatadi. Biroq, AQSH–Belgiya o‘yini oldidan FIFAning intizom qo‘mitasi kutilmaganda Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasini bekor qilgan.

Deputatlarning taʼkidlashicha, bu jahon chempionatlari tarixida turnir davomida maydondan chetlatilgan futbolchining keyingi o‘yin uchun diskvalifikatsiyasi bekor qilingan birinchi holatdir.

Qaror qabul qilinishidan biroz avval, Donald Trampning Janni Infantino bilan shaxsan bog‘langani alohida eʼtiborni tortdi. Keyinroq, Amerika yetakchisi ushbu suhbatni tasdiqlab, FIFAdan epizodni yana bir bor ko‘rib chiqishni so‘raganini maʼlum qildi.

“Qizil kartochka dahshatli edi”, – dedi AQSH prezidenti. Uning so‘zlariga ko‘ra, u aniq bir qarorni talab qilmagan va Janni Infantinoga nima qilish kerakligini ayta olmasdi, biroq diskvalifikatsiya turnirga katta dog‘ tushirishi mumkin deb hisoblagan.

FIFA qaror faqat intizom qo‘mitasi tomonidan qabul qilinganini taʼkidladi. Janni Infantino Donald Trampga: “Masala tashkilotning mustaqil sud organlari vakolatiga kiradi”, deb aytganini bildirdi.

Biroq Yevropada bu izohlarga ishonishmadi. UYEFA FIFA qarorini “misli ko‘rilmagan, tushunarsiz va asossiz” deb atadi.

Yevropalik deputatlar jahon chempionati davomida qizil kartochkadan keyingi diskvalifikatsiya qoidasining o‘zgartirilishi “sharmandalik va adolatning buzilishi” ekanini taʼkidladi. Ularning fikricha, FIFA yana bir bor AQSH maʼmuriyati talablariga yon bosgan.

Parlament aʼzolari diskvalifikatsiyani bekor qilish holatlaridan tashqari, siyosiy betaraflik tamoyilining boshqa ehtimoliy buzilishlarini, jumladan, Donald Trampga FIFA tomonidan taʼsis etilgan “Tinchlik mukofoti”ning topshirilishini ham tekshirishni taklif qilmoqda.

AQSHga qarshi o‘yin oldidan Belgiya terma jamoasi bosh murabbiyi Rudi Garsiya FIFAning qizil kartochkani bekor qilish haqidagi qaroriga kinoya bilan izoh berdi: “Bu jahon chempionatida 5-iyul 1-aprel – Hazil kuni kabi ekanini bilmagan ekanman”. Amerikalik o‘yinchining o‘yinga tushishiga qaramay, AQSH terma jamoasi Belgiyaga 1:4 hisobida imkoniyatni boy berib, jahon chempionatidagi ishtirokini yakunladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish