Livanda sulhning dastlabki 10 kunida 65 kishi, G‘azoda esa so‘nggi sutkada yetti kishi halok bo‘ldi

Iyul 08, 2026. 14:00 • 2 daq

111
Livanda sulhning dastlabki 10 kunida 65 kishi, G‘azoda esa so‘nggi sutkada yetti kishi halok bo‘ldi
“AP” agentligi surati

BAYRUT, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Livan–Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv amalda bo‘lgan dastlabki 10 kun ichida Isroil zarbalari oqibatida 65 kishi halok bo‘ldi,170 kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Livanning “Al-Axbar” gazetasiga tayanib.

Nashrda ta’kidlanishicha, sulhga qaramay Isroil tomonidan 180 tadan 230 tagacha qoidabuzarlik qayd etildi. Isroilning qoidabuzarliklari havo hujumlari, artilleriya zarbalari, quruqlikdagi bosqinlar va dronlarning jadallik bilan uchishini o‘z ichiga olgan.

Livan xavfsizlik idoralarining ma’lum qilishicha, isroillik muhojirlar harbiylar himoyasi ostida Livan janubiy chegarasini kesib o‘tgan. Isroil armiyasi esa Ali at-Tohir tepaligining sharqiy tomoniga bayroq o‘rnatish uchun uchuvchisiz qurilmadan foydalangan.

“Reuters” agentligining xabar berishicha, G‘azo sektorida Isroilning havo hujumlari va otishmalari natijasida kamida yetti nafar falastinlik, jumladan, bir go‘dak vafot etgan.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tomonidan bir necha havo hujumi ko‘chirilgan oilalar yashayotgan chodir lagerlari yaqiniga uyushtirilgan. Shuningdek, G‘azo shahrida avtomobilga berilgan havo zarbasi oqibatida uch kishi, xususan, bir bola halok bo‘lgan.

Halok bo‘lganlardan biri anklavdagi falastinliklarga yordam ko‘rsatuvchi Misr yordam qo‘mitasida ishlagan Muhammad al-Vahidi ekani aniqlandi. Isroil harbiylari esa agentlikka ularning nishoni HAMAS jangarilari bo‘lganini aytgan.

Sakkiz oy oldin o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv kuchga kirganidan buyon G‘azoda 1070 dan ortiq falastinlik va to‘rt nafar isroillik askar o‘ldirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish