AQSH va Eron sulhga zid ravishda yana bir-biriga zarba bermoqda
Iyul 08, 2026. 12:00 • 3 daq
• 142
VASHINGTON-TEHRON, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH Eron hududiga yangi ommaviy zarbalar berdi va bu operatsiya Tehronning Hurmuz bo‘g‘ozidagi uchta savdo kemasiga qarshi hujumlariga javob bo‘lganini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “AP” agentligiga tayanib.
AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) maʼlumotlariga ko‘ra, Eronning harakatlari o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzgan “asossiz va xavfli tajovuz” bo‘ldi.
Qayd etilishicha, Amerika zarbalari Eronning havo hujumidan mudofaa tizimlari, boshqaruv va aloqa tarmoqlari, qirg‘oq radiolokatsion stansiyalari, kemalarga qarshi mudofaa vositalari hamda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining 60 dan ortiq qayiqlariga qaratilgan.
Eron zarbalar berilganini tasdiqladi, biroq hech qanday talafot haqida xabar bermadi. Eron ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, portlashlar ovozi Bandar-Abbos, Keshm oroli va qirg‘oq bo‘yidagi Sirik shahrida eshitilgan.
Buyuk Britaniya dengiz floti qoshidagi Dengiz savdo tashuvlarini muvofiqlashtirish markazi (UKMTO) maʼlumotlariga ko‘ra, tankerlardan biri dron zarbasiga uchragan va yengil shikastlangan. Ekipajning so‘zlariga ko‘ra, nomaʼlum snaryad bilan urilgan Qatar gaz tashuvchisi jiddiy shikastlangan. Uchinchi kema haqida tafsilotlar keltirilmagan.
Eron OAV maʼlumot berishicha, gaz tashuvchi ogohlantirishlarga eʼtibor bermagani uchun hujumga uchragan. Tehron avvalroq, Eron tomoni belgilagan faqat Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish yo‘li xavfsiz ekanini bir necha bor taʼkidlagan edi.
Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem G‘aribobodiy zarbalarni erishilgan kelishuvning “jiddiy buzilishi” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron o‘z milliy manfaatlari va xavfsizligini himoya qilish uchun qatʼiy choralar ko‘radi.
Vashington va Tehron o‘rtasida memorandum imzolanganidan keyin 60 kun ichida tomonlar Eronning yadroviy dasturi, qo‘shni mamlakatlardan Amerika qo‘shinlarini olib chiqish, kemalarning Hurmuz bo‘g‘ozidan o‘tish tartibi bilan bog‘liq masalalarni kelishib olishlari kerak. Muzokaralarning borishi haqida hozircha maʼlumot berilmagan.
AQSHning yangi zarbalaridan so‘ng Eron Bahrayn va Quvaytdagi obyektlarga javob zarbalarini berdi. O‘zaro hujumlar harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvni buzish va Yaqin Sharqda mojaroning yangi eskalatsiyasi xavfini kuchaytirdi.
28-fevral kuni urushning dastlabki kunlarida halok bo‘lgan Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan bir necha kunlik vidolashuv marosimi chog‘ida vaziyat keskinlashdi. Taʼziya tadbirlari yakunlangach, tomonlar yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralarga qaytishlari kutilgan edi, biroq so‘nggi voqealar bu jarayonni shubha ostiga qo‘ydi.
“Qo‘rqitish va tovlamachilik davri tugadi. Bu hech narsaga olib kelmaydi. Biz chekinmaymiz”, – dedi Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibof.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi