Sochi kinofestivalida o‘zbek filmlari ikki yo‘nalishda g‘olib bo‘ldi
Iyun 28, 2026. 09:05 • 2 daq
• 188
SOCHI, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. Sochida dunyoning 53 mamlakatidan 700 nafardan ortiq kinematograf ishtirokida III “Yevrosiyo-Kinofest” xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Rossiyaning “Mir Novostey” nashriga tayanib.
To‘qqiz kun davomida festival namoyishlari, ijodiy uchrashuvlar va ishbilarmonlik tadbirlariga 45 mingdan ziyod tomoshabin tashrif buyurdi. Madaniy va milliy tafovutlardan qat’i nazar, ishtirokchilarni birlashtirgan oila, xotira, muhabbat, xiyonat, adolat va umid izlash kabi mavzular festival filmlarining markazida bo‘ldi.
Festivalning tanlov dasturida o‘zbekistonlik kinoijodkorlar ikkita sovrin bilan taqdirlandi. Rejissyor Rashid Malikovning “Vata” kartinasi “Eng yaxshi ssenariy” uchun sovrinni qo‘lga kiritdi. Ahadjon Ohunovning “Erta ochilgan lola” filmi esa “Rus tilidagi eng yaxshi xorijiy film” nominatsiyasida maxsus mukofotga sazovor bo‘ldi.
Tashkilotchilar mazkur yutuqlar o‘zbek kino san’atining xalqaro maydondagi nufuzi va e’tirofi tobora ortib borayotganining yana bir tasdig‘i ekanini ta’kidladi.
Kino mutaxassislarning qayd etishicha, Sochi shahrida o‘tkazilgan festival madaniyat turli xalqlar o‘rtasidagi muloqot, o‘zaro anglashuv va do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ko‘prik ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi