O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari telefon orqali muloqotda strategik sheriklikni yana-da mustahkamlashga intilish qatʼiyligini tasdiqladilar

Iyun 29, 2026. 14:15 • 2 daq

46
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari telefon orqali muloqotda strategik sheriklikni yana-da mustahkamlashga intilish qatʼiyligini tasdiqladilar

TOSHKENT, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida O‘zbekiston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, qardosh Turkmaniston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

O‘z navbatida Xalq Maslahati Raisi O‘zbekiston yetakchisiga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomini yetkazdi.

Tomonlar strategik sheriklikning bugungi holatini yuksak baholadilar. Barcha darajalarda yaqin va samarali aloqalar davom ettirilmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror surʼatda o‘smoqda, sanoat, energetika, transport va boshqa ustuvor tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. “Shovot–Toshovuz” savdo zonasi unumli faoliyat yuritmoqda.

Hududlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.

Yaqinda Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlarining yakunlari yuksak baholandi.

Joriy yil oktyabr oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish doirasida mintaqaviy kun tartibini muvofiqlashtirish va ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish